Xorazmda Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatr ochildi
Bugun, 28 sentyabr kuni Xorazm viloyatida o‘zbek kinosi darg‘asi Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatr ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston xalq artistlari Matyoqub Matchonov, Muhammadali Abduqunduzov va boshqalar ushbu yangi kinoteatr faoliyati va unda namoyish etiladigan asarlar aholi va yoshlarning ma’naviy yuksalishiga xizmat qilishini qayd etdi.
[gallery-13779]
Mazkur kino dargohining Xudoybergan Devonov bilan atalishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Negaki, X. Devonovning kino sanoati rivojida alohida o‘rni bor. U o‘zbek kinosi va fotografiyasi asoschisi bo‘lgan. Adabiyot va san’atga oshno bo‘lib, she’rlar yozgan hamda ko‘plab musiqa asboblarini chalishni bilgan X. Devonov taqdiriga fotografiya va kinematografiya sohasida nom qozonish yozilgan edi. Uning ushbu yo‘nalishdagi mehnati va boy madaniy merosi bugungi avlod uchun katta maktabdir.
Tadbirda fotoko‘rgazma va operator hayoti va ijodiga bag‘ishlangan badiiy kecha ham tashkil etildi. Tantanali marosim doirasida Xudoybergan Devonov nomiga “Turksoy” oliy mukofotining topshirilishi bo‘lib o‘tdi.
Shundang so‘ng “Birinchi qaldirg‘och” filmi namoyish etildi.
O‘zA.