Xorazmda xalqaro investitsiyalar forumi
Xiva shahridagi "Farovon" mehmonxonasida xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda 32 nafar diplomatik korpus vakili, dunyoning 31 ta davlatidan tashrif buyurgan 315 nafar ishbilarmon ishtirok etdi. Forumning ochilishida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va huquqiy kafolatlar, Xorazm viloyatining iqtisodiy salohiyati haqida ma’lumot berdi. So‘zga chiqqanlar iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan Xorazm viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini e’tirof etdilar.
– O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, chorva va parrandachilik sohalari bo‘yicha loyihalarimiz bor, – deydi turkiyalik tadbirkor Rustem Turk. – Aynan shu sohalarga investitsiya kiritish istagidamiz. O‘ylaymanki, hamkorligimiz har tomonlama yaxshi bo‘ladi. O‘zbekistonda hozirgi kunda investitsiya sarmoya sohasi yaxshi rivojlanyapti va loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlar ko‘p. Ayniqsa, investorlar uchun yaratilgan qulay sharoit va muhitdan mamnunmiz.
Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xorazmda azaldan karvonlar orqali dunyoning turli mintaqalari bilan o‘zaro savdo-sotiq, ishlab chiqarish aloqalari keng yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi 8 yilda bu aloqalar qayta tiklanib, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Birgina Xorazm viloyatiga so‘nggi 5 yilda xorijiy investitsiyalarni kiritish hajmi 10 barobarga, eksport hajmi 15 barobarga o‘sib, 200 tadan ortiq xorijiy va qo‘shma korxonalar tashkil qilindi. Forumda xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida bir qator kelishuvlarga erishildi.
– O‘zbekiston va Xorazmga birinchi marotaba tashrif buyurdim, – deydi xitoylik tadbirkor Guanoui Zeng. – Bundan oldin Xorazmdan bizning yurtimizga delegatsiya borgan va Xorazmdagi imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berishgan. Bu yerdagi forumda ilk marotaba qatnashayotgan bo‘lsam ham yirik loyiham bilan keldim. Loyiha yo‘llarga tungi chiroqlar o‘rnatish bo‘yicha. Umid qilamanki, bu loyiha har ikki tomonga ham yaxshi va manfaatli bo‘ladi.
Viloyatda sanoat, savdo, transport, logistika, turizm, AKT hamda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Xalqaro investitsion forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham viloyatda savdo-iqtisodiy, investitsion va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdan iborat.
– O‘zbekistonning “IT park”lari bilan hamkorlikda ishlaymiz, –deydi AQSHlik investor Kristian Xopkins. – Shu sababdan ham Xivada o‘tkazilayotgan Investorlar xalqaro forumiga taklifni qabul qilib, bu yerga keldim. Forum yuksak saviyada qadimiy shaharda tashkil etilgani menga juda yoqdi. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda AKT sohasi juda rivojlanayotganligini kuzatmoqda.
Shu sababdan hozirgi davrda o‘zbekistonlik dasturchilar bilan ko‘proq ish olib boryapmiz. Ayniqsa, xorazmlik AKT mutaxassislarining ishlari juda sifatli. Biz nafaqat professionallar, balki xorazmlik talabalar bilan ham ko‘p ishlaymiz. Bu sohada O‘zbekiston yoshlarining juda ko‘pchiligi band bo‘layotgani sohaning kelajagi borligidan dalolat beradi. Hozir forum doirasida V2V formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etib, bu yerdagi imkoniyatlarni o‘rganib, o‘z logistika faoliyatimni mazkur manzilda yuritishni rejalashtirayapman.
Qizg‘in muloqotlarga boy tarzda o‘tayotgan forum doirasida qator xorijiy yirik kompaniyalar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
– Biz V2V formatidagi uchrashuvda Urganch tumanida chiqindini qayta ishlab, yoqib hosil bo‘lgan energiyadan elektr energiya olish loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishdik, – deydi xitoylik investor Gap-Cheol Kim. – Xorazm viloyatida chiqindilarni qayta ishlab, elektr energiyasi olish loyihasini amalga oshirmoqchimiz.
Shuningdek, ushbu loyihaga 100 million dollarlik investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan va bugun memorandumlar imzolandi. Bilamizki, butun dunyoda energiya olish muammo. Biz esa chiqindini qayta ishlab oson yo‘l bilan energiya olmoqchimiz. Umid qilamizki, bu ikki tomon uchun ham manfaatli va foydali bo‘ladi.
[gallery-25397]
Forumning ikkinchi kuni tadbir ishtirokchilari Xorazm viloyatining diqqatga sazovor manzillari va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA