Xorazmda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga paxta ekish ishlari boshlandi (+video)
Xonqa tumanining Tomadurgadik hududida faoliyat yuritayotgan “Matyaqubov Akmal” fermer xo‘jaligi dalalarida g‘alla o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur fermer xo‘jaligining 34 gektardan ortiq maydonida yetishtirilgan bug‘doy pishib yetildi va birinchilardan bo‘lib o‘rim-yig‘im ishlari boshlandi.
Seminar davomida yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan qisqa muddatlarda yig‘ib olish, zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish hamda yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq rioya etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tuman hokimligining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda tumanda 3 500 gektardan ortiq maydonda g‘alla yetishtirildi. Ayni paytda tumanning barcha hududlarida g‘alla o‘rim-yig‘imi ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. G‘alladan bo‘shagan 300 gektar maydonga esa paxta ekilishi belgilangan.
– G‘alladan bo‘shagan maydonlarga 2025-yilda tajriba sifatida g‘o‘zaning “Ravnaq 2” chigitini ekib juda yaxshi natijalarga erishildi, – deydi viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Ikrom Ollayorov. – Asosiy maqsadimiz g‘alladan bo‘shagan maydonlardan yuqori daromad olishdir. Mutaxassislarni hisob-kitoblari shuni ko‘rsatdiki, bir gektar maydonda ekishdan tortib, to hosil olishgacha xarajat 10 million so‘m bo‘lib, bundan olinadigan daromad esa 20-30 million so‘mni tashkil qiladi. Shuning uchun bu navni ekishga viloyatimizning barcha tumanlaridagi fermerlar tomonidan talab va qiziqishlar ko‘paydi.
Tumanning “Qoramozi” hududida faoliyat yuritayotgan “Mohira Gulchehra Mashhura” fermer xo‘jaligida bug‘doydan bo‘shagan 3,2 gektar maydonga paxtaning tezpishar va serhosil “Ravnaq-2” navini ekish ishlari boshlandi.
[gallery-29715]
– G‘o‘zaning bu turi juda hosildor bo‘lib, o‘rtacha 40-45 sentner hosil beradi, – deydi Tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Shavkat Xo‘jayev. – Ish boshida soha mutaxassislari takroriy ekishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mineral oziqlantirish, sug‘orish hamda zararkunandalarga qarshi kurash choralari yuzasidan tavsiyalar berdi. Paxtaning vegetatsiya vaqti 110 kunni tashkil etadi.
Ta’kidlanganidek, yerdan samarali foydalanish, qisqa muddatda yuqori hosil olish va aholi farovonligini ta’minlashda bunday tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XnEEyIOzP6k" title="Xorazmda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga paxta ekish ishlari boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video),O‘zA muxbirlari