Xorazmda “El-yurt umidi” jamg‘armasining imkoniyatlari targ‘ib etildi
Urganch davlat universitetida xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga keng jalb etish hamda O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ta’lim marafoni - “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasidagi targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Sh.Berdiyev, jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari D.Abdurashidov, bosh inspektori Q.Bektemirov, tegishli mutasaddilar, universitetning iqtidorli talabalari, maktab o‘quvchilari hamda xorijda ta’lim olish imkoniyatlariga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktorining birinchi o‘rinbosari Davron Abdurashidov tomonidan jamg‘armaning ta’lim dasturlari, ochiq stipendiya tanlovlari, ularda qatnashish shartlari hamda hujjat topshirish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Jamg‘arma 2018-yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida uning faoliyati yangi yondashuvlar asosida qayta tashkil etildi, – deydi Davron Abdurashidov. – Bugungi kunda jamg‘armaning asosiy maqsadi dunyoning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlarida tahsil oladigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallaydigan, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yangi avlod istiqbolli kadrlarini tayyorlashdan iborat. Biz mazkur uchrashuvlarda yoshlarga ta’lim yo‘nalishlari, xorijiy universitet va mutaxassislikni to‘g‘ri tanlash, nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, xalqaro tajriba va zamonaviy bilimlarni egallash masalalari bo‘yicha tushunchalar bermoqdamiz. O‘g‘il qizlar ham o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlarni tanlagan holda savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Kunning ikkinchi yarmida targ‘ibot tadbirlari Xiva shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari davrasida davom etdi.
[gallery-31814]
Muloqot davomida o‘quvchilarga xorijda ta’lim olish imkoniyatlari, stipendiya dasturlari va tanlovlarda ishtirok etish tartibi haqida ma’lumot berildi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari