Xorazmda DMED tizimi bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar boshlandi
Xorazm viloyat “Raqamli sog‘liqni saqlash markazi”ning “Situatsion markazi”da tibbiyot muassasalarining provizor- mutaxassislari, bosh hamshiralari hamda katta hamshiralari ishtirokida DMED tizimining “Omborxona - 2” moduli bo‘yicha juda muhim bo‘lgan o‘quv-amaliy seminarlari boshlandi.
Mazkur seminarlar 10-sentabrdan 28-sentabrga qadar maxsus reja-grafik asosida bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
–Seminar ilk kunida dori vositalari va tibbiy buyumlarning kirim-chiqimini to‘g‘ri yuritish, qoldiqlarni nazorat qilish, partiya va yaroqlilik muddatlarini kiritish, bo‘limlararo harakatlarni rasmiylashtirish hamda amaliyotda uchraydigan xatolarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish va amaliy ko‘rsatmalar berildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Bikajon Matchonova. – Shuningdek, ishtirokchilarning mavzu bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholash maqsadida nazorat testi o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida: DMED mamlakatimizda joriy etilgan davlat raqamli tibbiyot axborot platformasi bo‘lib, u shifokor qabuliga yozilish, elektron tibbiy karta yuritish, tashxis va tahlil natijalarini saqlash, shuningdek, QR-kodli elektron retseptlarni rasmiylashtirish uchun xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri