Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xorazm viloyatida Sudyalar oliy kengashining tegishli qarori bilan 4 nafar sudya muddatsiz, 14 nafari sudyalik vakolati muddati davriga tayinlandi yoki qayta tayinlandi.
Jumladan, Mahmud Mahmudov Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi raisi, Murodjon Hasanov Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi, Maqsud Hojiyev Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi sudyasi, Xushnud Karimov Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Xorazm viloyat sudi sudyasi etib tayinlandi.
***
Xorazmda so‘nggi 5 yil ichida yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi qanday o‘zgardi?
2026-yilning yanvar-iyul oylarida viloyatning avtomobil ishlab chiqarish sanoatida 47 ming 521 dona “Damas ” avtomobili ishlab chiqarilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,9 foizga kamaygan.

Hududda so‘nggi 5 yilda (yanvar-iyul oylarida) yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi quyidagicha dinamikaga ega bo‘lgan:
2022-yilda – 39 779 dona,
2023-yilda – 43 497 dona,
2024-yilda – 48 884 dona,
2025-yilda – 51 587 dona,
2026-yilda – 47 521 dona.
***
Xorazm teatrlariga o‘tgan yili qancha tomoshabin tashrif buyurgan?

Respublikamizdagi 41 ta teatrga 2025-yil davomida umumiy hisobda 4 million 351 ming tomoshabin tashrif buyurgan.
Xorazm viloyatida esa 2025-yilda 2 ta teatr faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, Urganch shahridagi viloyat drama teatri va Xiva shahridagi viloyat qo‘g‘irchoq teatriga yil davomida tashrif buyuruvchilar soni 507 ming kishini tashkil etgan.
***
Urganch davlat tibbiyot instituti Pediatriya fakulteti tyutori B. Qurbonov tashabbusi bilan talaba-yoshlar ishtirokida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda davlat bayrog‘ining mazmun-mohiyati, undagi ranglar, yarim oy va yulduzlarning ramziy ma’nolari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, fuqarolik mas’uliyati va davlat ramzlariga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga undashga xizmat qiladi.
A.Shokirov,
O‘zA