Xorazm "Qovun sayli"ga chorlamoqda
Xorazmda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar ichida ko‘lami jihatdan eng katta gastronomik festival hisoblanadigan “Qovun sayli” boshlanish arafasida.
Ayni damda “Ichan qal’a”ning “Polvon” darvozasi oldidagi maydonda yasatilgan maxsus pavilonlar tayyor holatga keltirilgan. Bir-birini takrorlamaydigan chiroyli bezatilgan pavilonlarda mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan poliz ekinlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmalari ham namoyish etilmoqda. Har bir pavilonda o‘ziga xos madaniy dasturlar, teatrlashtirilgan sahnalar, milliy liboslar namoyishi, folklor ansambllar konsertlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari ham tashkil etilgan.
Milliy qadriyatlar, gastronomik madaniyat va san’atni birlashtiruvchi an’anaviy festival dasturidan Xorazmning mashhur va xushbo‘y qovunlari ko‘rgazmasi, milliy taomlar taqdimoti, xalq hunarmandchiligi namunalari, teatrlashtirilgan tomoshalar, milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar, ko‘ngilochar dasturlar o‘rin olgan.
Mahalliy va chet ellik sayyohlar bir-biridan totli qovunlar, ulardan tayyorlangan shirinliklar, yaxna ichimliklardan hamda milliy taomlardan bahramand bo‘lmoqda.
[gallery-30776]
Festivalning ochilish marosimi “Arda Xiva” turistik majmuasida o‘tkaziladi. Unda xorijlik va mamlakatimizning eng mashhur san’atkorlari, Xorazm yulduzlari ishtirokida katta shoular, gala-konsert dasturlari namoyish etiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video)
O‘zA muxbiri