«Xonatlas» kuniga bag‘ishlangan "Open Air Fest" tadbiri
Yurtimizda milliy hunarmandchiligimizni rivojlantirish, milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng targ‘ib qilish maqsadida 9-14 sentyabr kunlari an’anaviy «Xonatlas» festivali o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimligi bilan hamkorlikda «Xonatlas» kuniga bag‘ishlangan "Open Air Fest" tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Dastlab muzeyga tashrif buyurgan mehmonlar uchun muzey ekspozitsiya zallari bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida milliy matolar zalida joylashgan mato to‘qish dastgohida marg‘ilonlik usta hunarmand Alisher Ahmadaliyev tomonidan mato to‘qish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.

Tashrif buyurgan mehmonlarda Amaliy san’at muzeyi, uning yangilangan ekspozitsiya zallari katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allaberganova kirish so‘zi bilan ochib, ushbu festivalning mohiyati, milliyligimizni targ‘ib etishning ahamiyati xususida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Qayd etilganidek, O‘zbekistonda «Atlas bayrami» an’anaviy to‘qimachilik festivali 2015 yildan buyon keng nishonlab kelinmoqda.
Tadbir davomida musiqiy chiqishlar hamda modalar namoyishi taqdim etildi.

«Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti» o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari nomzodi, professor Xolida Kamilova shogirdlari kolleksiyasiga oid milliy liboslar defilesida «Dizayn» fakulteti 2-kurs talabasi Komila Sobirovaning «Sharq jozibasi» nomli to‘plami namoyish etildi.

Shu bilan birga, qo‘l kashtachiligi bo‘yicha Maftuna Mannopova, «Tumor» xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish markazidan milliy qo‘g‘irchoqlar yasash bo‘yicha Sayyora Jo‘rayevalar tomonidan mahorat darslari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA