"Xonadon dori quti"lari nazoratdan o‘tkazilmoqda
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasi vakillari, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarida ishlaydigan oila shifokori va patronaj hamshiralar tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizga Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, “Quramax Medikal” MCHJ tomonidan keltirilgan “Dok-1 Maks”, “Ambronol” dori vositalari sabab yuzaga kelgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida "Xonadon dori qutisi"da saqlanayotgan dori vositalari qayta nazoratdan o‘tkazildi.

Tibbiyot xodimlari o‘z hududlaridagi xonadonlarda bo‘lib, “Xonadon dori qutisi”da muddati o‘tgan, saqlash qoidalari buzilgan, “Dok-1 Maks”, “Ambronol” dori vositalari bor-yo‘qligini aniqlab, saqlash qoidalari buzilgan dori vositalarini inson salomatligiga salbiy ta’siri to‘g‘risida tushuntirish olib bordi.

– Bu boradagi ishlarni keng miqyosda tashkil etish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1 ta oilaviy poliklinika, 7 ta oilaviy shifokorlik punktida faoliyat olib borayotgan 14 nafar oila shifokori, 24 nafar tibbiyot birgada a’zolari jalb etildi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori G‘ofur Abduraimov. – Tuman hududidagi mavjud xonadonlarning 94 foizi to‘liq nazoratdan o‘tkazildi. Natijada aholi xonadonlarida saqlanayotgan xavfli deb hisoblangan dori vositalari belgilangan tartibda yig‘ib olinib yo‘q qilindi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA