XOKKEY: “Xumo”dan navbatdagi gʻalaba
Salkam oʻttiz yillik tanaffusdan keyin oʻz faoliyatini boshlagan xokkeychilarimizning qadamlari qutlugʻ kelmoqda.
Salkam oʻttiz yillik tanaffusdan keyin oʻz faoliyatini boshlagan xokkeychilarimizning qadamlari qutlugʻ kelmoqda.
Buni xokkeychilarimiz kecha boʻlib oʻtgan Oliy Xokkey ligasining 2-tur oʻyinlarida yana bir bor isbotladilar. Mazkur musobaqaning 1-turida hamyurtlarimiz Rossiyaning “Ryazan” klubini qabul qilgan holda yirik – 5:0 hisobida magʻlub etishgandi.
Xokkeychilarimiz kecha Qozon shahrining “Bars” klubiga qarshi kurash olib borishdi. Shaybali xokkey – oʻzbekistonliklar uchun deyarli yangi sport turi boʻlishiga qarmay, poytaxtning qoq markazida qad rostlagan, xalqaro talablarning bariga toʻliq javob bera oladigan hayhotdek “Xumo” muz saroyiga keluvchilar koʻpchilikni tashkil etdi. Ayniqsa, tashrif buyuruvchilarning aksariyati oilaviy ekanligi kuzatildi.
Muz saroyga keluvchi aksariyat muxlislar birinchi galda saroyni tomosha qilish istagida ekanligini yashirishma, biroq sportning jangovor, goʻzal, texnik jozibalarini oʻzida jo etgan xokkey har qanday sportga befarq muxlisni ham oʻziga rom eta oldi, uch soatga yaqin davom etgan oʻyinni tark etganlar deyarli boʻlmadi.
Oʻzbekistonliklar uchrashuvning boshidanoq raqiblarini katta bosim ostiga olishdi. Bu natijada ham oʻz aksini topdi. Birinchi davraning 3 va 5-daqiqalarida Voroshilo va Mosharov raqiblar darvozasini ishgʻol eta olishdi. Ikkinchi davradan kuchlar tenglashdi. Rossiyaliklarning hujumlari ham keskinlashdi, koʻplab xavfli vaziyatlar yaratishdi. Oʻzbekistonliklar darvozabonining mahorati esa bir necha bor jamoadoshlarini muqarrar goldan saqladi. Shunda ham baribir mehmonlar bitta gol kiritishga muvaffaq boʻlishdi.
Uchinchi davra rostakamiga jangovar ruhda oʻtdi. Har ikkala jamoa hujumda ham, himoyada ham mustahkam harakat qilishdi. Qoida buzarlar, jarima sifatida maydonni majburiy tark etganlar ham koʻp boʻldi. Shunga yarasha ikkala tomon ham bir marotabadan gol urishga muvaffaq boʻlishdi. Ayniqsa, hisob 2:0 boʻlib turganida, uchrashuvning soʻnggi daqiqalari davom etayotgan bir pallada Sherbinaning goli mezbon xokkeychilar joniga oro boʻldi.
Shunday qilib, “Xumo” OXLning 2019-2020 mavsumidagi yurishini muvaffaqiyat ila davom ettiryapti. Mazkur Liga xalqaro maqomda boʻlib, unda Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston mamlakatlarining jami 34ta klubi ishtirok etadi. Har bir jamoa doimiy chempionatda 54tadan oʻyin oʻtkazadi – 27 ta oʻz maydonida, 27 ta safardi. Doimiy chempionat yakunida 16 ta eng yaxshi jamoa pley-off bosqichiga chiqadi. Ushbu bosqichda magʻlub boʻlgan jamoalar musobaqani tark etaveradi, gʻolib jamoa esa yuqori sari intilaveradi. Bu bosqichdan boshlab turnir oʻz davrida buyuk uchlikni tashkil etgan Mixaylov-Petrov-Xarlamov sharafiga “Petrov Kubogi” deb yuritiladi.
Demak, “Xumo” ham shu musobaqa ishtirokchisiga aylandi. Uning imkon sari yuqoriga qadar yetib borishi tarafdorimiz.
OXL. 2-tur.
Toshkent. “Humo Arena“.
“Humo“ - “Bars“ (Rossiya) - 3:2
1-davra: 1:0 - Voroshilo 03:36, 2:0 - Mosharov 05:12
2-davra: 2:1 - Vildanov 16:23
3-davra: 2:2 - Yemes 07:14, 3:2 - Sherbina 17:25.
Eslatib oʻtamiz, xokkeychilarimiz navbatdagi uchinchi tur oʻyinini 15-sentyabr kuni “Torpedo-Gorkiy“ jamoasiga qarshi oʻtkazishadi. Mazkur bahs ham “Xumo” muz saroyida, soat 17:30da boshlanadi.