Xokim va yoshlar uchrashuvi
Oltinsoy tumanida “Xokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oltinsoy tumani xokimi Bahrom Maxmatrayemov yigit-qizlarni muborak Qurbon hayiti bilan tabriklab, mamlakatimizda yoshlarni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat va milliy qadriyatlarimizga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Ularning ta’lim-tarbiya olishi va bandlik masalasini hal etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashdi. Yoshlarning yutuq va muammolarini tingladi.

Joriy yilning o‘tgan davrida tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj 1 ming 63 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularning 712 nafariga turli yordam ko‘rsatildi. 27 nafari doimiy ishga joylashtirildi. 52 nafariga mehnat quroli uchun subsidiya ajratildi. 54 nafarining oliy ta’lim muassasasidagi kontrakt puli to‘lab berildi. 28 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 55 nafarining salomatligini tiklashiga moddiy yordam berildi. 230 nafariga yer maydoni,148 nafariga imtiyozli kredit ajratildi. 81 nafarining xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘mak berildi. Shuningdek, yoshlarning safarbarlik, haydovchilik o‘quv kursi, ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida o‘qish xarajatlari qoplab berildi. Olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashishga moddiy yordam ko‘rsatildi. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning shu yil birinchi mavsumida tumandagi 54 ta mahallada yashovchi 37 ming 283 nafar yosh ishtirok etib, o‘zlarining jismonan toblanayotgani, bilim, mahorat va izlanishlarini keng namoyish etdi.



Ochiq muloqot yakunida tuman rahbari “Kelajak kasblari” loyihasiga 85 million, yoshlarning kontrakt to‘lovlari uchun 150 million, ularning davolanishi uchun 110 million so‘mlik sertifikatlarni topshirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri