Xodimlarning malakasini oshirishda innovatsion usullar qanchalik ahamiyatli?
Dunyoning yirik kompaniyalari maosh jamgʻarmasining 10 foizini xodimlarni oʻqitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish uchun sarflaydi.
Shaxs – bilimlar tashuvchisi, shu bilan birga, uning ishlab chiqaruvchisi va isteʼmolchisi boʻlsa, mehnat jamoasi (xodimlar) – ixtiyoriy ishxonaning (tashkilot, muassasa) asosiy vakolatlari boʻyicha muhim boʻgʻini hisoblanadi.
Xodimlarni rivojlantirish (oʻqitish, malakasini oshirish, qayta tayyorlash) – bu oʻzaro bogʻliq faoliyatlar tizimi boʻlib, ular zarur mutaxassislarni tayyorlash, kasbiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash va malaka oshirish, moslashuv jarayoni, tashkiliy madaniyat va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Dunyoning yirik kompaniyalari maosh jamgʻarmasining 10 foizini xodimlarni oʻqitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish uchun sarflaydi. Ushbu mablagʻlar kelajakda kompaniyaga foyda keltiradigan investitsiyalar sifatida qabul qilinadi. Shu boisdan kadrlar tayyorlash, oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tobora strategik ahamiyatga kasb etmoqda.
Xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishda innovatsion oʻqitishning eng samarali usullaridan biri, bu - “Case-stadi” usuli yoki muayyan vaziyatlar usuli hisoblanadi. Ushbu usul – Amerika va Evropa klassik maktablari tomonidan ishlab chiqilgan va taqdim etilgan. Garvard (Amerika) maktabi doirasida uslubning maqsadi hozirgi vaziyatning yagona toʻgʻri echimini aniqlashdir va Manchester (Evropa) maktabi bir nechta echimlarni oʻz ichiga oladi.
Yangi oʻqitish usullaridan yana biri “Secondment” uslubini mazmun jihatidan “qisqa muddatli xizmat safari” sifatida tushunish mumkin hamda uning mohiyati oʻzaro rotatsiya shaklida xodimlarni almashinuvidan iborat. Bunday almashinuv xodimlarni xizmat lavozimlari boʻyicha odatiy qayta taqsimlashdan farq qiladi, chunki bu harakatlar nafaqat ichki – bitta muassasa (kompaniya, tashkilot, korxona) doirasidagi ichki almashinuv hamda tashqi – turli ishxonalarning (muassasa, kompaniya, tashkilot, korxona) turli xil faoliyat sohalari bilan bogʻliq boʻlgan xodimlarni almashishi ham boʻlishi mumkin. “Secondment” uzoq (1 yilgacha) yoki qisqa muddatli (100 ish soatgacha) boʻlishi mumkin.
Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yana bir usuli – “Buddying” deb nomlanadi va bu usulda oʻqitishda oʻqitilishi kerak boʻlgan xodimga (mutaxassis) “buddy” sherik (doʻst, hamkor) biriktiriladi. Bu sherikning vazifasi oʻziga biriktirilgan xodimning barcha harakatlari va qarorlari toʻgʻrisida fikr-mulohazalarni bildirishdir. Bu usul bizda anʼanaviy hisoblangan “Ustoz-shogird” anʼanasiga oʻxshash, farqli jihati shundaki, sherik va mutaxassis oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo tengdir, bunda ustoz va shogird, tajribali yoki tajribasiz, oʻqituvchi va oʻquvchi kabi tushunchalar qoʻllanilmaydi. Chunki “Buddying” usul, bu - eng avvalo muayyan maqsad va natijalarga erishish uchun bir kishining boshqa bir kishiga amaliy yordamidir. Bu usul xolisona (obʼektiv) qaytma aloqa berishga asoslangan, ammo qaytma aloqa (fikr) bildirishdan oldin ishtirokchilarga (tomonlar) bunday qaytma aloqani qanday qilib toʻgʻri va xolis amalga oshirish oʻrgatiladi, treninglar va maslahatlar oʻtkaziladi.
Xodimlarninn malakasini oshirish va oʻqitishda soha boʻyicha qisqa muddatli kurslar yaxshi samara beradi. Bunday kurslar uchun oʻquv kursiga moʻljallangan soha mutaxassisligi, kursning maqsadi va hajmi, afzalliklari, metodik taʼminoti (ishtirokchilarga qanday metodik materiallar tavsiya qilinishi), kursni tashkil etish boʻyicha tavsiyalar va oʻquv kursi yakunida beriladigan hujjatlar boʻyicha maʼlumot aniq bayon etiladigan Oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi. Bu kabi qisqa kurslarga misol qilib Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida tashkil etilayotgan “Axborot texnologiyalari (IT) huquqi sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik xizmat xodimlari malakasini oshirish” boʻyicha, “Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan organ xodimlarining (mansabdor shaxslarning) malakasini oshirish” boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini keltirish mumkin.
Hozirgi kunda xodimlarni rivojlantirishningzamonaviy usullarining asosiy tendensiyalari quyidagilarda namoyon boʻlmoqda:
- kadrlar tayyorlash sohasidagi zamonaviy tendensiyalar global xarakterga ega va dunyoning koʻplab mamlakatlarida namoyon boʻlmoqda. Sotsiologik tadqiqotlar koʻrsatadiki, kelgusi 10 yil ichida ommalashadigan, yaʼni mashhur boʻlgan kasblarning 50 foizi hanuzgacha shakllanmagan, shu bilan birga, odamlar hozirgi iqtisodiy rivojlanish tendensiyalariga muvofiq oʻz kasbini oʻzgartirishga intilmoqda;
- oʻquv dasturlari barchaga maʼlum boʻlgan klassik modellar asosida emas, balki zamonaviy ehtiyoj va talablar asosida tuzilishi kerak. Taʼlim maʼlum bir natijaga yoʻnaltirilishi kerak, oʻqitish metodologiyasi va maʼlumotni oʻzlashtirish juda muhim hisoblansa ham, oʻqitishning taʼsiri, samarasi va ahamiyati koʻrinishi kerak hamda oʻqitishning dolzarbligi doimiy ravishda yangi bilimlar bilan mustahkamlanishi lozim. Nazariy bilimlarning katta hajmi u yoki bu faoliyat sohasining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tinglovchilarga taqdim etilishi va amaliy shaklga aylantirilishi (transformatsiya) kerak;
- oʻqitish maʼlum bir joyga va vaqtga bogʻliq boʻlmasligi kerak, chunki tegishli mashgʻulotlar hozirgi kunda mobil va koʻpincha maxsus texnik shartlarni talab qilmaydi, baʼzida faqat internetga kirish kifoya qiladi. Oʻquv jarayonida hozirda oddiy hisoblangan aloqa vositalari (kompyuter, smartfon, planshet) texnik imkoniyatlaridan foydalanish tegishli tezkor aloqa oʻrnatish va mutaxassislarning fikrlarini izlashga imkon beradi. Markazda tashkil qilingan masofaviy taʼlim tizimini bunga misol qilish mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, malaka oshirish taʼlim muassasalari zamon bilan hamnafas va raqobatbardosh boʻlishi uchun xodimlarni qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kurslarining oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda innovatsion usullarni faol joriy etishi, mavjud texnik imkoniyatlardan foydalanishi va oʻzining oʻquv bazasini modernizatsiya qilish zarur.
Charos Oʻktamova,
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bosh mutaxassisi