Xodimlarga siyosiy tushunchalar berildi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hamkorligida “Siyosiy-ma’rifat soati” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Zamonaviy siyosiy-ijtimoiy jarayonlardan xabardorlikni oshirish, xodimlar ongida fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda avvalo, davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 16 iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mazmun-mohiyati haqida batafsil axborot berildi.

Unda xalq bilan muloqotning yangi bosqichga olib chiqilgani, ijro-intizomi, shaxsiy javobgarlik va davlat xizmatchisining mas’uliyati borasida tanqidiy tahlillar keltirildi. Ayniqsa, viloyat va tuman hokimliklari, vazirlik hamda idoralarning xalq dard-u tashvishlarini vaqtida va joyida hal etish bo‘yicha mas’uliyati kuchaytirilgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur “Siyosiy-ma’rifat soati” singari muhim tashabbuslar xodimlarning siyosiy savodxonligi va faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA