Xodim boshqa joyga ishga ko‘chib o‘tayotganda kompensatsiya to‘lovlari qanday bo‘ladi?
Huquqiy munosabat
Ma’lumki, xodimni boshqa hududga yoki yangi filialga o‘tkazish jarayoni jiddiy huquqiy va moliyaviy majburiyatlarni yuzaga keltirib, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga asosan ish beruvchidan yo‘l xarajatlari va ko‘tarma pullar kabi kompensatsiyalarni to‘lashni talab qiladi.
Toshkent davlat yuridik instituti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 289-moddasiga muvofiq, xodim ish beruvchi bilan oldindan kelishib boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tayotganda, ish beruvchi unga ayrim to‘lovlar uchun kompensatsiya to‘lovlarini to‘lashi shart.
Jumladan, ko‘chish va mol-mulkni tashib borish xarajatlari. Xodim va uning oila a’zolarining yo‘lkira xarajatlari, shuningdek, xodimning o‘ziga 500 kg gacha va u bilan birga ko‘chayotgan oila a’zolari uchun jami 500 kg gacha bo‘lgan mol-mulkni temir yo‘l yoki avtomobil transportida tashish xarajatlari qoplanadi.
Yo‘lda bo‘lingan har bir kun uchun xizmat safarlari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorda sutkalik to‘lovlar uchun pul to‘lanadi.
Yangi ish joyidagi bir oylik tarif stavkasi (maoshi) miqdorida bir martalik nafaqa beriladi. Bundan tashqari, xodim bilan birga ko‘chib o‘tayotgan har bir oila a’zosi uchun xodim maoshining uchdan bir qismi (1/3) miqdorida qo‘shimcha nafaqa to‘lanadi.
Agar ko‘chib o‘tayotgan xodimning yangi joyda shaxsiy uy-joyi bo‘lmasa va ish beruvchi unga uy-joy ajratmasa, uy-joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi.
Xarajatlarni to‘lash tartibi va aniq miqdorlari tomonlarning kelishuviga ko‘ra, korxonaning jamoa shartnomasi yoki ichki nizomlarida belgilab qo‘yiladi.
Agar xodim tashkilot bilan birga boshqa joyga ko‘chib o‘tishni yozma ravishda rad etsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi va unga ishdan bo‘shatish nafaqasi hamda ishga joylashish davridagi o‘rtacha ish haqi saqlangan holda kompensatsiya to‘lanadi.
G.Boboyeva,O‘zA