Xizmat ko‘rsatish sifati yuksalmoqda
Jizzax viloyatida 2014-yilda tashkil etilgan 700 xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchasining 418 tasi qishloq joylarda barpo etildi.
Jizzax viloyatida 2014-yilda tashkil etilgan 700 xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchasining 418 tasi qishloq joylarda barpo etildi.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning eng muhim manbai va omili ekani alohida ta’kidlandi.
Xizmat ko‘rsatish va servis sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishi qishloqda turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun bu soha ilgarigidek, qishloqdagi yagona sartaroshxona yoki televizor tuzatish ustaxonasi emas, balki zamonaviy aloqa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehmonxona, restoran va boshqa ko‘plab xizmatlar majmuini anglatadi.
– Ilgari qishlog‘imizda oddiy televizor tuzatish ustaxonasi ham bo‘lmaganidan tuman markaziga borishga majbur edik, – deydi G‘allaorol tumani Guliston qishlog‘ida yashovchi mehnat faxriysi Isoqul ota Hayitboyev. – Sochi o‘sgan kishi televizorining buzilishini, televizori buzilgan kishi sochining o‘sishini kutib yurgan paytlar ham bo‘lgan. Bugungi yoshlarga shuni aytsang, latifa qilmang, deyishadi. Chunki hozir hududimizda sartaroshxona, "Go‘zallik saloni"dan iborat oltita maishiy xizmat ko‘rsatish, 8 savdo shoxobchasi, 4 tikuvchilik sexi, televizor tuzatish ustaxonasi ishlab turibdi-da. Navro‘z bayramigacha internet-kafe ham ishlay boshlaydi.
Prezidentimizning 2013-yil 17-apreldagi “2013-2016-yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq viloyatda 2013-2016-yillarda 2 ming 392 xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchasi tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu qaror doirasida o‘tgan yili xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida 51,6 milliard so‘mlik 196 savdo va umumiy ovqatlanish, 30 moliya xizmatlari, 6 turizm sohasi, 438 maishiy xizmat ko‘rsatish, 194 boshqa xizmatlar bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi. Buning samarasida 1 ming 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu maqsadlar uchun tijorat banklarining 11,3 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi.
Jizzax shahrida 12, tuman markazlarida bittadan madaniy dam olish xiyoboni barpo etildi. Arnasoy, Baxmal, Zarbdor tumanlari va Jizzax shahrida bittadan to‘yxona majmuasi, Jizzax, Zomin, Mirzacho‘l, Forish tumanlari hamda Jizzax shahrida 14 bolalar sport maydonchasi qurildi.
Bunday loyihalarni amalga oshirish jarayonida ayollarga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2014-yilda viloyatda 31 zamonaviy “Go‘zallik saloni” qurilib, foydalanishga topshirildi.
Qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarga talab yildan-yilga ortmoqda. Bunda yangi massivlarda barpo etilayotgan zamonaviy infratuzilma inshootlari, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari muhim omil bo‘lmoqda. O‘tgan yili viloyatda ana shunday massivlarda 3 non sexi, 3 maishiy xizmat ko‘rsatish, 2 savdo majmuasi, 2 guzar va 2 savdo yarmarkasi qurildi.
– Xizmat ko‘rsatish va servis sohasining rivojlanishi aholiga katta qulaylik yaratmoqda, – deydi viloyat hokimligining axborot-tahlil guruhi rahbari Ismadiyor Orolov. – O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, viloyat yalpi hududiy mahsulotida xizmatlarning ulushi 38,7 foizga yetdi. Aholi jon boshiga xizmat ko‘rsatish hajmi 1 million 347 ming so‘mni tashkil etib, 2010-yilga nisbatan 2,9 barobar ko‘paydi.
Ushbu sohaning ko‘lami faqat ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi bilan emas, turlarining ko‘payishi bilan ham kengayib borayotir. Jumladan, o‘tgan yili axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm kabi sohalarda 12 turdagi yangi xizmat joriy etildi. Shu hisobdan 257,3 milliard so‘mlik qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatildi.
Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2015-yilda 65,2 milliard so‘mlik 645 inshootni ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Jumladan, 180 savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 22 moliya xizmati, 5 turizm sohasi, 348 maishiy xizmat ko‘rsatish, 90 boshqa xizmatlar bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
Joriy yilda, shuningdek, har bir tumanda to‘rttadan, Jizzax shahrida 12 “Go‘zallik saloni” ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Turizm sohasida xizmat ko‘rsatishning yangi turlari keng yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, folklor-etnografik, tarixiy-ilmiy, baliqchilik, ov, suv, ornitologik turizm kabi yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi.
Tabiiyki, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining ko‘payishi raqobatning oshishi va xizmat sifatining yaxshilanishiga olib kelmoqda. Tadbirkorlar inshootu sharoitlar, xizmat sifati ham, avvalo, mijoz talabi darajasida bo‘lishini ta’minlashga harakat qilayotir. Shu bois xizmat ko‘rsatish va servis sohasidagi ishlar hajmini ko‘paytirish bilan birga, uning sifatini yaxshilashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu vazifaning izchil amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush farovonligi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.