Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari Navoiyda
Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Elbek G‘afforov, Zarafshon shahri hokimi Nazirbek Rahmonov hamda xitoylik investorlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, 2024 yil davomida bir necha bor Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy davlatida bo‘lib, ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Uchrashuvlarda bir qator sohalarda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, kimyo sanoati, paxtachilik, tekstil, qurilish, turizm, transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingandi.

Xitoydagi muzokaralar davomi o‘laroq, Sichuan viloyatidagi Sichuan Chuanhe Shengxin Electric Power Engineering Co., Ltd. hamda Sichuan Shengyuanxin Intelligent Electric Co., Ltd. vakillari Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Bu kompaniyalar elektr energetika sohasida innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, joriy etish va sotish bilan faol shug‘ullanadi.

Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmatining xabar berishicha, o‘zaro muzokaralar davomida Zarafshon shahrida konchilik, energetika, xizmatlar sohasiga investitsiya kiritish hamda savdo salohiyatini oshirish, elektr jihozlari ishlab chiqarish loyihalari ustida ishlashga kelishib olingan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri