Xitoydagi iqtisodiy “bum” tugadimi? (+video)
Bilamizki, Xitoy o‘zi ishlab chiqargan mollar bilan butun dunyoni egallagan. Odamlar nazdida ishlab chiqarish, biznes, zamonaviy texnologiyalar, savdo masalalari faqatgina Xitoy bilan chambarchas bog‘liqdek tuyula boshladi. Albatta, ko‘pchilikning bunday xulosaga kelishiga asos bor.
Xitoy bu mavqega erishish uchun ozmuncha harakat qilmagan. Eng muhimi butun dunyoda iqtisodiyoti yuksak darajaga ko‘tarilganini tan olish kerak. Ammo, oxirgi paytlarda shunday davlatning iqtisodiyoti tanazzulga yuz tuta boshlaganini bashorat qila boshlashdi. Bu gaplarda qanchalik jon bor yoki qandaydir siyosiy o‘yinlar girdobida bo‘layotgan shunchaki chalg‘ituvchi gap so‘zlarmi? Keling, shunday bashorat qilayotganlarning xulosalariga nazar solamiz. Masalan, The Wall Street Journal sharhlovchilari Linlin Vey va Stella Ifan Se - “Xitoyda qirq yil davom etgan gurkirab o‘sish davri tugadi.
Kambag‘al, kamtaraqqiy mamlakatni iqtisodiy superkuchga do‘ndirgan model ortiq ishlamaydi ” – deb yozishdi. Ularning bunday keskin xulosalar chiqarishiga nimalar sabab bo‘ldi? Xulosalarni tushunish uchun ular keltirilgan tahlillarga e’tiboringizni qaratamiz. Ularning yozishicha, uzoqqa cho‘zilgan iqtisodiy o‘sish zavodlar va osmono‘par binolar qurishga, infratuzilmalarga katta sarmoyalar tikishga imkon berdi.
Qurilish sektori mehnat, moddiy va moliyaviy resurslarga katta talabni vujudga keltirib, iqtisodiy taraqqiyotni yuqori sur’atda tutib turdi. Biroq ushbu model tabiiy sabablarga ko‘ra o‘z kuchini yo‘qotdi: xitoylar barcha zarur narsalarni qurib bo‘lishgan, hatto ortig‘i bilan. Natijada mamlakatda sotilmagan millionlab kvartiralar, ustidan hech kim yurmaydigan yo‘llar va ko‘priklar, hech kim uchmaydigan aeroportlar paydo bo‘ldi.
Xitoy iqtisodiyoti rostdan ham tushkun davrni boshdan kechirmoqda – deb yozadi tahlilchilar. Masalan, ularning xulosalariga ko‘ra ikkinchi chorak statistikasi kutilganidan ancha yomon chiqqan. Oldingi chorakka nisbatan o‘sish 0,8 foizga susaygan. Iyul oyi natijalari esa yanada noxush: mamlakatda yillik ma’nodagi deflyatsiya qayd etilgan. The Financial Times manbalariga ishonilsa, Xitoy hukumati vaziyatni salbiy izoh va prognozlar berishni norasmiy taqiqlash yo‘li bilan o‘nglamoqchi, bundan yaxshiroq chora topa olishmayapti. Taqiqni ish beruvchilar ham, mahalliy televideniye ham joriy qilgan. Binobarin, iqtisodchi va tahlilchilar Xitoy mollarining arzonlashi va mamlakatdan kapital chiqib ketishi kabi “nozik” mavzularga til tekkizmaydi, “deflyatsiya” degan so‘z istilohdan chiqariladi – o‘rniga “mo‘’tadil” yoki “past inflyatsiya” atamasi qo‘llanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cWRnvOPz5m0" title="Xitoy iqtisodiy mo‘’jizasiga nima bo‘layapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xitoy iqtisodiy mo‘’jizasi manbaiga kengroq qaraydigan bo‘lsak, uni ikki so‘z bilan ta’riflash mumkin: shaharlashuv va sanoatlashuv. O‘tgan asrning 80-yillariga qadar qariyb milliardlik aholisining katta qismi kamsamar qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan mamlakat katta texnologik sakrash qildi. Qishloq xo‘jaligining mexanizatsiyalashuvi sanoatni bitmas-tuganmas arzon ishchi kuchi bilan ta’minladi.
Mahsuldorlikning mislsiz o‘sishi va son-sanoqsiz ishchilar Xitoyni “dunyo fabrikasi”ga aylantirdi: bu fabrika arzon keng iste’mol mahsulotlaridan boshlagan bo‘lsa-da, tez orada eng zamonaviy va yuqori texnologik ishlab chiqarishni o‘rganib oldi. Yuz millionlab dehqonlarning shaharga oqib borishi esa qurilish sohasi gurkirab rivojlanishini ta’minladi.
Biroq muammo shundaki, sanoatlashuv va shaharlashuv yo‘lidan faqat bir marta o‘tiladi. Xitoy bu yo‘ldan o‘tib bo‘ldi. Demak, model o‘z umrini yashab bo‘ldi, deyish noo‘rin emas. Aslida buni o‘n yilcha oldin, Xitoy Kompartiyasi rahbariyati mamlakatni eksportga tobelikdan qutqarish va ichki talabni oshirishga e’tibor qaratishga uringanidayoq yashirib bo‘lmay qolgan edi.
Keng ko‘lamli rag‘batlantirishlar va infratuzilmalarga yotqizilgan trillionlab sarmoya o‘sishni yana biron o‘n yilga davom ettirdi. Buning tovoni sifatida esa iqtisodiyotda yalpi qarz shiddat bilan oshib borib, 2022 yil boshida YAIMning 300 foiziga yetdi va Xitoy bu borada AQSHdan o‘zib ketdi. Ayniqsa, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun zo‘r berib qarz olgan Xitoy viloyatlarida vaziyat juda yomon tus oldi. Markaziy hukumat cheklovlar joriy etgach, viloyatlar maxsus tashkil etilgan shirkatlar orqali qarz ola boshladi. Xalqaro valyuta fondi Xitoydagi “balansdan tashqari” hududiy qarz salmog‘ini 9 trillion dollarga baholamoqda.
Dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti bo‘lmish Xitoyda ayni paytda eng nozik soha bu ko‘chmas mulk bozori bo‘lib, unda taklif to‘lovga layoqatli talabdan ortib ketganiga necha yillar bo‘lgan. 60 trillion dollar pul aylanadigan soha taqdiri qil ustida turibdi, deb yozishmoqda ular.
Masalan, shu oyda mamlakatning eng yirik qurilish shirkatlaridan biri – China Evergrande Group bankrotlikdan himoya istab Nyu-York birjasiga murojaat qilgan va 300 milliard dollarlik qarzini qayta strukturizatsiya qilish uchun vaqt so‘ragan.
Shuningdek, chet el investorlari Xitoy qimmatbaho qog‘ozlaridan tezroq qutulish payiga tushganlar.
Buni yuan zaiflashayotganidan ham, Xitoy fond bozorining bugungi ahvolidan ham bilsa bo‘ladi. Gap – inqiroz nechog‘li chuqurlashishida va Xitoy iqtisodiyoti undan so‘ng qaytadan o‘sa olish-olmasligida. Ko‘plab tahlilchilar Xitoy iqtisodiyoti 90-yillardan beri depsinib qolgan Yaponiyaning achchiq tajribasini takrorlaydi, deya bashorat qilishmoqda. Xitoydagi inqiroz kuchaysa uning yaqin hamkorlari bo‘lgan boshqa davlatlarda ahvol qanday bo‘lishi mumkin? Nazarimizda The Wall Street Journal sharhlovchilarining tahlillarida biroz bo‘rttirish bordek, yana kim biladi, buni faqat bashorat qilish mumkin. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
K. Bekjonov