Xitoyda VI Osiyo sohil o‘yinlari boshlandi
Oltinchi bor tashkil etilayotgan Osiyo sohil o‘yinlariga bu gal Xitoyning Sanya shahri mezbonlik qilmoqda.
Kecha qit’aning 40 dan ortiq davlatidan 4 ming nafarga yaqin sportchi ishtirokida mazkur o‘yinlarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Osiyo olimpiya kengashi prezidenti shayx Joan bin Hamad Al-Tani, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi faxriy prezidenti Tomas Bax, Xitoy hukumati vakillari, bir qator mamlakatlarning sport delegatsiyalari rahbarlari qatorida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov ishtirok etdi.

Tantanali ochilish marosimida "Dengiz va osmon bilan uchrashuv" deb nomlangan madaniy dastur namoyish etildi. "Hayotiylik, ochiqlik va quvonch" shiori ostida o‘tkazilgan milliy sport delegatsiyalarining chiqishi jarayonida O‘zbekiston sportchilari ham vatanimiz bayrog‘ini yuksaltirgan holda maydon uzra saf tortishdi.

Marosimda sohil o‘yinlariga xos bo‘lgan okean jonzotlarining modellari namoyish etildi. Tadbir ajoyib mushakbozlik bilan yakunlandi.
Aytish lozim, VI Osiyo sohil o‘yinlarida atletlar 14 ta sport turi bo‘yicha kurash olib boradi.
O‘yinlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasining 18 nafar a’zosi sportning 3 turida vatanimiz sharafini himoya qiladi. Xususan, suzish, yengil atletika hamda erkaklar va ayollar sohil voleyboli bo‘yicha bellashadi.

Kuni kecha musobaqalar oldidan Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati "Sanya-2026" VI Osiyo sohil o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilarimiz bilan uchrashdi. Rasmiylar Sanya shahridagi Atletlar shaharchasida o‘zbekistonlik sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Bugun, 23-aprel kuni 8 ta sport turi bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. Kuning birinchi yarmida sohil voleyboli musobaqalarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston ayollar jamoasi qur’a natijasiga ko‘ra dastlabki o‘yinda maydonga tushdi.
Ikki turdan iborat musobaqalarda Sabina Muzaffarova/Milana Qurbonovadan iborat voleybolchi qizlarimiz Qozog‘iston jamoasiga 2:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida voleybolchi yigitlarimiz Azamat Doulboyev/Dilshodbek Tolibboyev ilk saralash musobaqasida Eron terma jamoasi a’zolari bilan kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA