Xitoyda cheklov choralari yumshatildi
Xitoy hukumati mamlakat bo‘ylab koronavirus tarqalishini nazorat qilish uchun joriy etilgan cheklov choralarini yumshatdi. “Anadolu” yozishicha, buni XXR Davlat kengashi COVID-19 pandemiyasining oldini olish va vaziyatni nazorat qilish qo‘shma mexanizmi tomonidan e’lon qilingan hujjat tasdiqlaydi.
Endi asemptomatik infeksiyalanganlar va kasallikni yengil o‘tkazayotganlar uy karantinida qolishi mumkin. Yangi chora-tadbir, shuningdek, xastalanganlarni 7 kun, bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni 5 kun izolyatsiya qilishni ham nazarda tutadi.
O‘tgan hafta bir qator yirik shaharlar, jumladan, Pekin va Guanjouda cheklov choralari yumshatilgan. Ushbu yengillik Xitoy rasmiylari mamlakatda koronavirus tarqalishini nazorat qilish bo‘yicha olib borayotgan siyosatda sezilarli o‘zgarish yuz berganini anglatadi.
Bundan buyon mamlakatda PSR testi sertifikati talab qilinmaydi, sog‘liqni saqlash kodi majburiy tekshiruvdan o‘tkazilmaydi. Faqat tibbiyot va ta’lim muassasalariga kirishda, qariyalar uyida keksa kishi bilan ko‘rishilganda sog‘liqni saqlash kodi va PSR testi taqdim etilishi shart.
Hujjatda aytilishicha, virus tarqalishi xavfi yuqori bo‘lmagan hududlar odamlar harakatini cheklamasligi, ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatmasligi kerak.
Ma’lumotga ko‘ra, Urumchidagi voqeadan so‘ng Xitoyning ko‘plab shaharlarida COVID-19 bilan bog‘liq karantin chekloviga qarshi norozilik namoyishi boshlangan.
Vaziyat keskinlashuvi asnosida Xitoy rasmiylari epidemiyaning oldini olish uchun qo‘llangan kasallikka qarshi kurashish chorasi yumshatilishini ma’lum qilgandi.
O‘zA