Xitoyda Buxoroning “Savdo uyi” tashkil qilindi
Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari R.Asadov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Xitoy xalqaro texnologik va hamkorlik assotsiatsiyasida Xitoyning yirik elektrotexnikalar va energetika sohasidagi “China Lesso” kompaniyasi bilan Buxoro viloyatida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda energetika sohasida xususiy sektor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Kompaniya mutasaddilari bilan muloqotda so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida barcha sohalar qatori energetika tarmog‘ida, xususan, “yashil” energetikani rivojlantirish borasida qator yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, bu borada ikki mamlakat rahbarlarining mazkur sohalarni faol qo‘llab-quvvatlayotganliklari hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani alohida qayd etildi.

Xususan, olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunda Xitoyning “Gezhouba Overseas Investment Group” kompaniyasi tomonidan Qorovulbozor tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurib foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda u energetika tarmog‘iga to‘liq quvvatda “yashil” elektr energiyasini yetkazib bermoqda.

Muzokara davomida Buxoro viloyatining investitsion muhiti to‘g‘risida taqdimot qilindi va o‘zaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya rahbariyati Kogon tumanida barpo etilayotgan “Buxoro sanoatni rivojlantirish parki” maxsus sanoat zonasi qiziqish uyg‘otdi va bu hudud investorlar, xususan, xitoylik sarmoyadorlar uchun investitsiya kiritish uchun juda katta imkoniyat ekanligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Zhongshan shahri rahbariyati bilan muzokaralar olib borilib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda 2025 yilning 2-choragida “Buxoro - Zhongshaninvestitsiya forumi”ni o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, Buxoro delegatsiyasi Zhongshan shahrining bir qator yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi va qator kelishuvlarga ham erishildi.
Jumladan, “Guangzhou Chunyiyuan Co LTD” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat sanoati uchun bir martalik ishlatiladigan idishlar, “Mingyang” kompaniyasi tomonidan transformatorlar, “Taili” kompaniyasi bilan birga uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda maxsus uniformalar (zirxlangan) ishlab chiqarish bo‘yicha takliflar aytildi.

Shuningdek, Zhongshan shahrida Buxoro viloyatining “Savdo uyi” tashkil qilindi. Mazkur savdo uyida Buxoro viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.