Xitoyda Butunjahon antidoping agentligi prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazildi
Xitoyning Pekin shahrida o‘tayotgan Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo mintaqaviy simpoziumi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining WADA prezidenti Vitold Banka bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov hamda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov mamlakatimizda dopingga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro standartlarni joriy etish va antidoping tizimini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi. O‘zbekistonning Butunjahon antidoping kodeksi talablarini milliy qonunchilikka moslashtirish borasida erishgan natijalari, sportchilar o‘rtasida antidoping ta’limini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar e’tirof etildi.

O‘z navbatida WADA prezidenti Witold Banka O‘zbekiston tajribasini xalqaro maydonda ommalashtirish xususida o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning xalqaro antidoping hamjamiyati rivojiga qo‘shayotgan hissasi, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda sportda adolat va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA