Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
Bugun O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.
Yuqori martabali mehmon Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatini yuqori baholadi. Xususan, Xitoy tomoni strategik sherik sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohot va yangilanishlar yo‘nalishini qat’iy va izchil qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa ko‘plab sohalarda O‘zbekiston – Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
[gallery-8062]
Ikki davlat rahbarlarining qat’iyati va siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi aloqa misli ko‘rilmagan o‘sish sur’atini namoyon etib, yangi amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni sifatli amalga oshirish, jahon miqyosida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida hamkorlikning yangi ufqini belgilashga intilishi tasdiqlandi.
Savdo, transport-logistika, tibbiyot va farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va qishloq xo‘jaligi, turizm, fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirishga oid aniq takliflar ko‘rib chiqildi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha birgalikda samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi qayd etildi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ko‘p tomonlama ishlarni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllarda rejalashtirilgan tadbirlarning tashkiliy-texnik va mazmuniy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
28-29 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar vazirlari kengashi, 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Van I Xitoy tomoni O‘zbekistonning SHHTga raisligi va uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlari yuqori baholandi.
Davlatlararo savdoni kengaytirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyat ochadigan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” strategik temir yo‘l liniyasi qurilishini tez orada boshlashni Xitoy tomoni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bildirildi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning boshqa dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.
B.Xudoyberdiyev,
N.Haydarov (surat), O‘zA