Xitoy mintaqalari bilan hamkorlik rivojlanmoqda
Samarqandda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi doirasida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Xitoy Xalq Respublikasining Shandun va Shensi provinsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Son Junji bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining oliy darajadagi muntazam muloqotlari tufayli mamlakatlarimiz mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi.
Shandun – Xitoyning tarixiy, sanoat va innovatsiya jihatdan yetakchi provinsiyasi hisoblanadi. Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida 2022 yil avgust oyida imzolangan hamkorlik kelishuvi bugungi kunga kelib amaliy va samarali yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda.
[gallery-23708]
A.Boboyev Shandun provinsiyasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika, qurilish materiallari va to‘qimachilik sohalarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, Samarqandda kasbiy ta’lim markazini tashkil etish va Shandun mutaxassislari bilan o‘quv almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish borasida o‘z takliflarini bildirdi.
– Ikki hudud o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada boyitish maqsadida Samarqand shahrida “Shandun madaniyati kunlari”ni tashkil etish va ikki hudud universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish zarur, – dedi viloyat rahbari.
Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Son Junji so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida to‘xtalib, xitoylik tadbirkorlarning Samarqandga tashrifi shu paytgacha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirishda muhim omil bo‘lishini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama etilib, ishlab chiqarish va tovar ayirboshlash borasida qator kelishuvlarga erishildi. Shandun provinsiyasi va Samarqand viloyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi va boshqa hujjatlar imzolandi.
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va Shensi provinsiyasi gubernatori Chjan Gan bilan muloqotda Samarqandda zamonaviy issiqxona majmualari va meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, Xitoy bozori uchun ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va qurilish materiallari sohalarida qo‘shma korxonalar ochish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida Shensi kompaniyalari uchun maxsus industrial xab yaratish, “Samarqand – Shensi” yo‘nalishida logistika markazlari yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shensi provinsiyasi gubernatori Chjan Gan o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanayotgani, turli darajadagi tashrif va uchrashuvlar muntazamlik tusini olayotgani xususida fikr bildirib, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari