Xitoy Marsga qachon uchadi?
Xitoylik uch nafar astronavt mamlakat yangi kosmik stansiyasidagi 6 oylik missiyasini boshladi. Bu Xitoyning kelgusi o‘n yillikda koinotda yetakchi kuchga aylanish maqsadida amalga oshirgan navbatdagi harakatidir.
“Tiangong” kosmik stansiyasi
Xitoy o‘tgan yil “Tiangong” (samoviy saroy) kosmik stansiyasining dastlabki modulini orbitaga chiqargan edi,endi o‘sha stansiyaga ko‘plab boshqa modullar qo‘shishni rejalashtirmoqda. Jumladan, yil oxirigacha “Mengtian” ilmiy tadqiqot labaratoriyasini kosmik stansiyaga chiqarmoqchi, keyingi yil esa “Xuntian” nomli kosmik teleskopni fazoga uchirmoqchi.
Xitoy sobiq Sovet Ittifoqi va AQSHdan keyin astronavtini fazoga chiqargan va samoda kosmik stansiya barpo etgan uchinchi mamlakat hisoblanadi.
Hozir katta umid bilan qaralayotgan “Tiangong” Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ning o‘rnini bosishiga umid bor, chunki 2031 yilga kelib XKSni foydalanishdan chiqarish ko‘zda tutilgan.
Fazoviy strategiya
Xitoyning fazoviy rejasi ulkan. Bir necha yildan so‘ng chinliklar Yer sayyorasiga yaqin asteroiddan namuna olmoqchi.
2030 yilga kelib, XXR o‘z fazogirlarini Oyga uchirish, namuna olish uchun Mars va Yupiterga zond yuborishni ko‘zlayapti.
Xitoyning fazoni tadqiq qilish rejasi quyidagi tartibda tuzilgan:
- 2022 yil “Tiangong” kosmik stansiyasi qurilishini tugatish;
- 2025 yilda Yer sayyorasi yaqinidagi asteroiddan namuna olish;
- 2030 yilga borib Mars sayyorasiga missiya uyushtirish, astranavtlarini Oyga qadam qo‘yishini ta’minlash;
- 2035 yili qayta foydalanish imkoniga ega raketa yaratish;
- 2040 yilda atom energiyasi bilan harakatlanadigan kosmik shatl barpo etish;
- 2045 yil fazoda yetakchi kuchga aylanish.
Boshqa mamalakatlar nimabilan band?
Xitoy fazodagi rolini kengaytirayotgan bir paytda boshqa bir qator mamlakatlar ham Oyga uchishni niyat qilmoqda.
NASA 2025 yildan so‘ng AQSH va boshqa mamlakat fazogirlari bilan birga yana Oyga qaytishni rejalashtirmoqda. Qo‘shma Shtatlar shu munosabat bilan allaqachon o‘zining ulkan “SLS” raketasini Kennedi nomidagi fazo markazida ishga tushirdi.
Yaponiya, Shimoliy Koreya, Rossiya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari ham Oyga safar qilish missiyasi ustida ish olib bormoqda.
Allaqachon ikkinchi muhim Oy missiyasini fazoga yuborgan Hindiston 2030 yilgacha o‘z kosmik stansiyasiga ega bo‘lmoqchi.
Ayni payt Oyga uchish missiyasi doirasida NASA bilan hamkor faoliyat olib borayotgan Yevropa kosmik agentligi oyning sun’iy yo‘ldoshi tarmog‘ini tuzish bo‘yicha reja ishlab chiqmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad - astranovtlarning yer bilan aloqasini osonlashtirish.
Cheksizlikka oid qoidalarni kim o‘rnatadi?
BMTning 1967 yilda qabul qilingan “Ochiq koinot” shartnomasida belgilab qo‘yilganidek, hech qaysi millat yakka o‘zi koinotga da’vo qilolmaydi. 1979 yildagi “Oy kelishuvi”da koinotdan tijoriy maqsadda foydalanish kerak emasligi belgilab qo‘yilgan. Afsuski, AQSH, Xitoy va Rossiya hujjatni imzolashdan bosh tortgan.
Hozir AQSH ilgari surayotgan “Artemis Accords” shartnomasida millatlar qanday qilib Oydagi mineral resurslardan foydalanishi mumkinligi batafsil aks etgan. Binobarin, Rossiya va Xitoy ushbu shartnomani qabul qilmagan, chunki AQSH koinot qoidasini belgilab berishga haqli emas, deb hisoblaydi.
Xitoyning kosmik tadqiqotlari tarixi
Xitoy dastlabki sun’iy yo‘ldoshini 1970 yil uchirgan. Bu vaqtda fazoga kosmik kema jo‘natgan davlatlar ro‘yxatiga AQSH, Sovet Ittifoqi, Fransiya va Yaponiya kirgan edi.
Oxirgi 10 yil davomida 200 dan ortiq raketasini koinotga yo‘llagan Xitoy allaqachon “Chang’e-5” nomli uchuvchisiz qurilmani Oyga toshdan namuna keltirish uchun yuborgan.
“Shenzhou-14” kosmik kemasi uchgach, Chin diyoridan fazoga chiqqan astronavtlar soni 14 nafarga yetdi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, AQSH shu kungacha 340, Sovet Ittifoqi va Rossiya 130 nafar fazogirni koinotga chiqargan.
Kosmik amaliyotda ba’zan muvaffaqqiyatsizliklar ham sodir bo‘lib turadi. Masalan, 2020 yil Xitoy raketa uchirishda ikki marta omadsizlikka uchradi. 2021 yilda esa bir qancha raketalar orbitadan tashqariga chiqib ketdi va Atlantika okeaniga quladi.
Fazoviy loyihalar uchun kim mablag‘ ajratadi?
Xitoy davlat media xizmati - Sinxua ma’lum qilishicha, hozirgacha 300 mingga yaqin kishi Xitoy kosmik loyihasida ishlagan. Bu ko‘rsatkich NASAdagiga nisbatan 18 karra ko‘p.
2003 yil XXR milliy fazo administratsiyasi tashkil etilib, ikki milliard yuan ( 300 million dollar yoki) byudjet bilan ta’minlangan. 2016 yil esa mamlakat kosmik sanoatini xususiy kompaniyalar uchun ochiq, deb e’lon qildi.
bugungi kunga kelib Xitoyda kosmik tadqiqot uchun yiliga 10 milliard yuan (1,5 milliard dollar) miqdorida investitsiya kiritilmoqda.
Koinot nima uchun kerak?
Xitoy telekommunikatsiyani rivojlantirish, havo yo‘llarini nazorat qilish, ishonchli ob-havo ma’lumotiga ega bo‘lish, navigatsiya tizimini takomillashtirish kabi ko‘plab sabablar tufayli o‘z sun’iy yo‘ldosh texnologiyasini taraqqiy ettirishga intilmoqda.
Albatta, bu ishlardan harbiy maqsad ham ko‘zlangan. Ya’ni, fazoviy ustunlik, o‘z navbatida, dushman kuchlari ustidan ayg‘oqchilik qilish, uzoq masofaga uchadigan jangovar raketalarni boshqarishda qo‘l keladi.
“Portsmouth” universiteti fazoviy loyihalar boshqaruvchisi Lusinda Kingning aytishicha, Xitoy faqat yuqori profilli kosmik missiyalarga diqqatini qaratayotgani yo‘q, balki koinotning barcha jabhalarini qamrab olmoqchi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA