Xitoy kirish-chiqish qoidasini kuchaytirmoqda
15-sentabrda kuchga kirgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi yangi qarori bilan mamlakat suvereniteti va xavfsizligi ta’minlanishi, shuningdek mamlakatga kirayotgan va davlatdan chiqib ketayotgan shaxslar huquqi munosib himoya qilinishi uchun qo‘shimcha chora joriy etiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, rasmiylar ayrim mamlakatlarga borayotganlar uchun muayyan xavfdan ogohlantirish beradi. Chet elda jinoyat sodir etgan yoki eksport nazorati qoidasini buzgan XXR fuqarolariga olti oydan uch yilgacha mamlakatdan chiqib ketish taqiqlanishi ko‘zda tutilyapti.
Viza olish chog‘i yoki chegarada yolg‘on ma’lumot bergan xorijliklar mamlakatga kirishi bir yildan besh yilgacha taqiqlanishi mumkin.
Shuningdek, kirib-chiqish jarayoni vositachilari uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish joriy etilmoqda.
Noqonuniy faoliyat uchun 750-7500 dollar oralig‘ida jarima belgilanadi.
S.Rahimov, O‘zA