Xitoy delegatsiyasi mamlakatimizning nufuzi oshib borayotganini yuqori baholadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro bo‘limi boshlig‘i Lyu Xaysin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli har tomonlama kengayib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, turli sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.
Spiker N.Ismoilov 1-sentabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Sammit doirasidagi muloqotlar va ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi, ochiq va konstruktiv tashqi siyosati hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etgani e’tirof etildi.

Muloqot davomida mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda parlament faoliyatidagi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Qolaversa, O‘zbekiston va Xitoy parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muloqotlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro bo‘limi boshlig‘i Lyu Xaysin O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi yuksak darajasini alohida e’tirof etdi. Xitoy tomoni O‘zbekiston Prezidentining xalqaro maydondagi obro‘si va mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzi tobora oshib borayotganini yuqori baholadi.

Shuningdek, mehmon birinchi marta Xitoydan tashqari bo‘lgan mamlakatda «Markaziy Osiyo – Xitoy» siyosiy partiyalari muloqoti doirasidagi xalqaro konferensiyaga O‘zbekiston mezbonlik qilganini va bu nufuzli tadbir muvaffaqiyatli o‘tganini e’tirof etdi. O‘zbekiston parlamentining faoliyati, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari va ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etishdagi sa’y-harakatlarini ham yuqori baholadi.
Muloqotda parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashda parlamentlarning mas’uliyatini oshirish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, deputatlar va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
M.Komilova, O‘zA