Xitoy birjalarni ostin-ustun qilayapti
Pekin ikki tomonlama savdo mujodalasi doirasida Vashingtonga javob hujumi uyushtirdi va oqibatda AQSh birjalarida katta qulashlar yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Pekin ikki tomonlama savdo mujodalasi doirasida Vashingtonga javob hujumi uyushtirdi va oqibatda AQSh birjalarida katta qulashlar yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Ma’lumki, osmono‘par yurt qariyb bir yildan buyon ummon ortidagi eng yirik savdo sherigi bilan tijoriy muzokaralar o‘tkazib keladi. Lekin bu muloqotlar biror foyda bermadi. Bir necha kun avval AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy tovarlariga qo‘shimcha 200 milliard dollarlik boj solishga qaror qildi. Mamlakat birjalari bu haqdagi xabarni mayda sakrashlar va kichik pasayishlar bilan qarshi oldi. Lekin Xitoy javob tariqasida AQSh tovarlariga qo‘shimcha 60 milliard dollarlik boj solganidan keyin hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi.
"Benchmark S&P 500" indeksi bir savdo sessiyasida 70 birlikka yoki 2,41 foizga pasaydi. "Dow Jones"da bu ko‘rsatkich 2,38 foizni tashkil etdi. Hammadan ham texnologik kompaniyalarni birlashtirgan "Nasdaq" indeksi yomon quladi – 3,41 foiz. Bu raqamlarning hammasi o‘ziga xos rekorddir.
Aksiyalar pasayishi, tabiiyki, Xitoy bozori bilan bog‘liq kompaniyalarda kuzatilmoqda. "Boeing" va "Caterpillar"dek ikki "sanoat ajdari"ning qimmatli qog‘ozlari 5 foizdan, "Tesla"niki 5,2, "Apple"niki 5,8 foiz arzonladi.
Jahondagi yetakchi birjalarda ham pasayish kuzatilmoqda. Javob hujumi uyushtirgan Xitoyda Shenchjen fond birjasi 1,43 foiz, Shanxay fond birjasi 1,21 foiz pasaydi.
Yevropada DAX (Germaniya) 1,52 foiz, FTSE (Buyuk Britaniya) 0,55 foizga o‘z bahosini yo‘qotdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSh fond bozorining o‘zi bir kecha-kunduzda 1 trillion dollar zarar ko‘rgan.
Mustaxassislar birjalardagi barqarorlik Vashington va Pekinning bundan buyon o‘zini qanday tutishiga bog‘liq ekanini ta’kidlar ekan, iyun oyi oxirida Yaponiyada bo‘ladigan "Katta yigirmalik" sammiti doirasida Donald Tramp va Si szinpin o‘zaro uchrashib, tijoriy qarama-qarshilikka barham berishi mumkinligiga umid bildirmoqda.