XDP: “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri o‘tkazildi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari, partiya faollari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda yoshlardan iborat jamoalar o‘zaro bellashdi.
Ta’kidlanganidek, intellektual turnirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishini ta’minlash, yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda partiya safidagi yoshlarning salohiyatidan foydalanish, yuksak siyosiy bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash, iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish hisoblanadi.
Tanlovda ishtirokchilar 2 ta shart bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. “Tezkor savol-javob” deb nomlangan birinchi shartda ishtirokchilar tez va aniq javob berish orqali davlat boshqaruvi va siyosiy jarayonlarga oid tuzilgan savollarga javob berib, o‘zlarining bilim va tez fikrlash qobiliyatlarini namoyish etdi. “Mulohaza va mantiqiy tahlil” deb nomlangan ikkinchi shartda esa har bir jamoa sardori hakamlar hay’ati tomonidan tayyorlangan savolni tanlab oldi va jamoasi bilan birgalikda javob berdi.

Intellektual turnir yakunida “Gemini” jamoasi birinchi, “Teatron” jamoasi ikkinchi o‘rinni, “Everest” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tayyorlangan maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida partiya safiga yangi qabul qilingan yoshlarga partiya a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA