“Xazon bo‘lgan umrlar” yoshu keksani chuqur mushohadaga chorladi
Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar uchun “Xazon bo‘lgan umrlar” nomli sahna asarini namoyish etdi.
Spektaklda yot diniy-ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolishning ayanchli oqibatlari, Vatanga xiyonat, inson hayoti va oilasining barbod bo‘lishi ta’sirli sahna ko‘rinishlarida namoyish etilgan.

Asar tomoshabinlarni ogohlikka va soxta g‘oyalarga aldanib qolmaslikka, kishi har qanday vaziyatda ham to‘g‘ri yo‘lni tanlashiga, millatimizga yot diniy yoki mafkuraviy targ‘ibotlarga o‘ylamasdan ishonmaslikka chaqiradi.

Hayotiy voqealarga boy sahna asarida noto‘g‘ri yo‘lni tanlagan inson o‘z umrini xazon qilib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlarining ham baxtsizligiga sababchi bo‘lishi, soxta va’dalar shaxsni o‘zligidan ayirishi, kech bo‘lganda pushaymonlar foyda bermasligi, tinch-osuda hayot, farovon turmush, ona Vatan va oilasi bag‘rida yashashning katta baxt ekani dramatik tarzda ochib berildi.

Inson hayoti, uning qadri, hayotda yo‘l qo‘yilgan xatolarning ayanchli oqibatlari, kishi qabul qilgan har bir qarorning kelajak uchun naqadar muhim ekani badiiy talqinda yoritildi.

Sahna asarida teatrning shunchaki tomosha zali emas, balki, qalblarni uyg‘otib, tafakkurni boyitadigan, insonni ezgulikka chorlaydigan tarbiya maskani ekani o‘z ifodasini topdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri