Xavfsiz Yangi yilga tayyormisiz?
Mamlakatimiz bo‘ylab yong‘inlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar hamda favqulodda vaziyatlarni oldini olish borasida haftaning har chorshanba kuni “Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi” kuni sifatida soha xodimlari tomonidan samarali profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad esa iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi turar joylari shuningdek, hamda ommaviy o‘tkaziladigan tadbirlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish va bu ishlarda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashdan iborat.
Xususan, Yangi yil va “Prezident archasi” bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davrida yirik savdo hamda ko‘ngilochar majmualari, bozorlarda favqulodda vaziyat(yong‘in)larni oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Yangi yil archasini o‘rnatishda texnik talablarni to‘liq bajarilmasligi oqibatida so‘nggi yillarda respublikamiz hududi ochiq maydonlarida barpo etilgan sun’iy archalarning yonib ketishi yoki kuchli shamol oqibatida qulab tushish holatlari kuzatilgan. Shu bois, Yangi yil bayramini kutarinki ruh, yuqori saviyada va xavfsiz o‘tkazilishini ta’minlash hamda yuqorida keltirilgan noxush holatlarning oldini olish borasida xushyor bo‘lganimiz ma’qul.

Shuningdek, bolalarga tez yonuvchi materiallardan tikilgan kiyimlar kiygizish, tomoshalar boshlanishidan oldin yoki tomosha vaqtida bo‘yoqlash, olovli va boshqa yong‘in va portlash xavfi mavjud ishlarni amalga oshirish, xonalarni qorong‘ilantirish uchun derazalarga soyabonlar o‘rnatish, qatorlar oralig‘idagi o‘tish joylarini toraytirish, u yerlarga qo‘shimcha stul, kreslolar va shu kabilarni o‘rnatish, spektakl va tomoshalar davomida xonaning elektr yorug‘ligini to‘liq (batamom) o‘chirish hamda xonalarni belgilangan me’yordan ortiq odamlar bilan to‘ldirishga yo‘l qo‘yish mumkin emas.
─ Yangi yilni ko‘proq bolalar orziqib kutishadi, – deydi FVV akademiyasi katta o‘qituvchisi, kapitan Farhodjon Xo‘jayev. ─ Chunki bayram arafasida har bir maktabda archa bayramlari o‘tkazilib, Qorbobo sovg‘alar ulashadi. Albatta, mazali taomlar, sovg‘alar, ta’til, birinchi navbatda, Yangi yil – bu bolajonlar bayramidir. Shunday ekan kattalar bolajonlarni uyda va ko‘ngilochar bog‘larda bee’tibor qoldirmasdan, aksincha ularga yong‘in xavfsizligi qoidalarini yoshligidan uqtirish lozim Yong‘in tasodifiy yoki o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan kimyoviy holat emas, balki u kimningdir aybi bilan yuzaga keluvchi baxtsiz hodisadir. Ana shu baxtsizlikning oldini olish esa har bir kishining o‘z qo‘lida. O‘z yashash va ish joylaringizda yong‘in xavfsizligi qoidalari talablarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlash orqali yaqinlaringizni hayoti, sog‘ligi va moddiy boyliklarini asrab qolgan bo‘lamiz.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA