Xatolar - ulkan muvaffaqiyatlar kaliti
Mulohaza
Oqil kishilar boshqalardan har qanday vaziyatga bo‘lgan munosabati va qabul qilgan qarorlari bilan ajralib turadi. Ular avvalo, aql tarozisi o‘lchovini anglagan insonlardir. Shuning uchun ham bunday zotlarga yaqin bo‘lish, ulardan yashash hikmatini o‘zlashtirish muhim sanaladi.
Odamzod hayot yo‘llarida turli jumboqlarga duch keladi. Tabiiyki, bunda har kim ham xatoga yo‘l qo‘ymog‘i mumkin. Gap shundaki, xato qilgan kimsaga nisbatan atrofidagilarning munosabati aksar hollarda ijobiy bo‘lmaydi. Ayniqsa, bizning mentalitetda bola esini tanibdiki, xato qilmaslikka undaladi. Achinarlisi, adashsa, kechirilmasligi uqtiriladi. Bu esa bola ongida jiddiy to‘siq paydo bo‘lishiga olib keladi. Shunday qilib, bola kompetensiyasi qafasga solingan qushdek bo‘g‘iladi.
Biz yuqorida bejizga oqil kishilar fazilati haqida so‘z yuritmadik. Negaki, ular hech qachon adashishni man qilmaydi. Chunki o‘zlari ham xatolardan chiqarilgan to‘g‘ri xulosalar hosili o‘laroq oqil bo‘lganlar.
– Eng yuksak ilmlar ham xatolar natijasidir”, deydi ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy asarlar muallifi, filologiya fanlari nomzodi Abdumurod Tilovov. – Barkamol avlod yetishtirishning asosiy talabi tafakkur sog‘lomligidir. Shunday ekan, farzand tarbiyasida xato qilishga va uni o‘z vaqtida to‘g‘rilashga imkon bermoq lozim.
Xulosa qilib aytganda, natija kutishdan burun harakat muhim. Harakat qilgan har qanday kishi esa adashishi tabiiy. Cho‘qqiga yetib borguncha har qanday yo‘ldan yurib ko‘rilganidek, ijobiy natijaga erishguncha yutqazishlar uchrashi tayin. Bas shunday ekan, xatolar ulkan muvaffaqiyatlar kaliti ekanini unutmaylik. Farzandlar tarbiyasida esa bunga alohida e’tibor qaratishni ham…
Sherbek Islomov, O‘zA