Xalqqa xizmat qilish – asosiy talab
Samarqandda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Hisobot davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Viloyat hokimi H.Oqbo‘tayev boshqargan yig‘ilish tuman va shaharlar bilan sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. 2016-yilda viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, yalpi hududiy mahsulot hajmi 14 trillion 60 milliard so‘m yoki 108,7 foizni tashkil etgani ta’kidlandi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,4, xalq iste’moli mollari 12,1, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 7,3 foizga ko‘paydi, ko‘rsatilgan xizmatlar 13,3 foiz o‘sdi.
O‘tgan yili viloyatda 2 ming 305 yangi kichik biznes subyekti ro‘yxatga olinib, ularning soni 16,2 mingtaga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi 78 foizni tashkil etdi. Jami sanoat mahsulotlarining 62,3 foizi, ish bilan band bo‘lgan aholining 84,4 foizi kichik biznes hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bandlik dasturiga asosan hisobot davrida 95,5 ming yangi ish o‘rni yaratildi. 54,5 ming nafar kollej bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida 42 loyiha amalga oshirilib, 53,2 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 487 ish o‘rni yaratildi.
Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil etildi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, yengil sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxonalar tashkil etish borasida Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi, Nurobod, Qo‘shrabot tumanlarida olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berildi. Dasturga kiritilgan loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sabablari mutasaddilardan so‘raldi.
Kommunal xizmat ko‘rsatish borasida yuzaga kelayotgan muammolar va sohada qarzdorlikning oshib borayotgani tuman va shaharlar misolida tahlil etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlari zimmasiga aniq vazifalar yuklandi.
Aholi, jumladan, xotin-qizlar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, aholining tadbirkorlik bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2017-yilga mo‘ljallangan dasturlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda har bir soha rahbarining shaxsiy javobgarligi va mas’uliyati eslatildi. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikrlar hamda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili mohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini hisobga olgan holda ular bilan yaqin muloqotda bo‘lish lozimligi ta’kidlandi.
Samarqand viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.