Xalqning yuragidan joy olmoq baxtdir
Garchi adabiyot inson ko‘nglidan kechgan tuyg‘ular, o‘z xayolot dunyosiga sayru sayohat mahsuli hisoblansa-da, ammo u tufayli uyg‘onuvchi tafakkur, intilish, istaklar bu olamga birinchi o‘rinda ezgulik yetkazuvchi eng oliy vosita sifatida qadrli. Chunki adabiy olam sarhadlari hech qachon ma’lum bir zamon, tuzum, urf-odat yoki iqtisodiy sharoit kabi omillar bilan chegaralanib qolmaydi. Badiiy asar ijodkorning bu ochun haqida tasavvurlari, kechinma, xulosa, shukri yoki inkorining eng jozibali va ulug‘ bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi. Har qanday taraqqiyot ezgu orzu-niyatlar ijobati sifatida dunyoga keladi. Albatta, bu yuksalishda mutolaa madaniyatining alohida o‘rnini ta’kidlamoq joiz. Shu bois betakror hayotimiz davomida adabiyotning borligi va bo‘lmog‘i barchamiz uchun muhimdir.
Xalqimiz hayotining barcha jabhalarida o‘zligini namoyon etib, bugungi milliy adabiyotimizdagi jarayonlar va yaratilayotgan yangidan yangi asarlar uchun ulkan maydon vazifasini o‘tab kelayotgan “Sharq yulduzi” jurnalining har bir sahifasini varaqlab ijodkorlarning olam, odam haqidagi tasavvurlaridan tortib, inja kuzatuvlarini salaflardan farqli tarzda ifodalashga harakat qilayotganiga guvoh bo‘lib, aksariyat asarlarda bashariyat, vatan, el-yurt oldidagi mas’uliyat tuyg‘ulari ham badiiy, ham tasvir tamoyillari jihatidan ilgarigi qoliplardan xoli bo‘lib borayotgani o‘ziga xos yangi adabiy davr boshlanganidan dalolat berayotgandek. Bu jarayonlar guvohi bo‘larkanmiz, bugungi o‘zbek milliy adabiyoti o‘z turfaligi, bor jilo va jozibasini chinakamiga namoyon eta olayotganidan qoniqamiz ham.
Shu ma’noda har bir sonida xalqimizni birinchilardan bo‘lib eng sara yangi asarlar bilan oyma-oy tanishtirib kelayotgan “Sharq yulduzi” jurnali o‘tgan 2025-yil davomida ham sezilarli yutuqlarga erisha oldi, deb o‘ylaymiz.
Jumladan, o‘zbek she’riyati, nasri, adabiy tanqidchilik va tadqiqotchiligi fondini boyitishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ushbu nashr sahifalari orqali birgina o‘tgan yil sonlarining o‘zida “Barhayot siymolar”, “Durdona”, “Unutmas meni bog‘im”, “Nasr”, “Nazm”, “Mushoira”, “Yoshlar ijodi”, “Bolalar dunyosi”, “Buloq ko‘z ochdi” kabi ruknlar ostida 150 ga yaqin muallifning ijod namunalari e’lon qilindi. Yil davomida mushtariylar o‘zbek she’riyati darg‘alaridan tortib, yurtimizning millionlab she’riyat muxlislari qalbidan o‘rin egallagan, bugungi kunda ham faol ijod qilib kelayotgan shoir va shoiralar, o‘z ovozi va aytar so‘ziga ega yosh iqtidorlar ijodi bilan yaqindan tanishib bordilar. Uyg‘un, Shavkat Rahmon, Muhammad Ali, Abdulla Sher, Mirzo Kenjabek, Yo‘ldosh Eshbek, Eshqobil Shukur, Avliyoxon Eshon, Halima Ahmad, Xosiyat Bobomurodova, Munavvara Usmonova, Faxriyor, Salim Ashur, Dilorom Ergasheva, Oygul Suyundiqova, Oydinniso kabi shoir va shoiralar ijodidan bahramand bo‘ldilar. Quvonarlisi, xalqona tilda “otaxon nashr” deb ulug‘lanuvchi “Sharq yulduzi” aynan shu yilda yoshlar orasida yanada ommalashdi. Buning o‘ziga xos sababi bor. Yoshlar ijodiga hamisha katta e’tibor qaratib kelgan tahririyat qoshida tashkil etilgan yosh ijodkorlar adabiy to‘garagi qisqa fursat ichida o‘z bag‘riga yurtimizning iqtidorli yigit-qizlarini jamladi. Bu yoshlarning yangicha sado va teran mushohadali ijod namunalari mashg‘ulotlarda ustoz ijodkorlar tomonidan tahlil etib borildi. Asl adabiyot shaydolari bilan muntazam tarzda turli mavzulardagi adabiy munozaralar, davra suhbatlari, mahorat darslari, mushoiralar o‘tkazib turilgani beiz ketmadi. Bu to‘garakning faol a’zolariga aylangan o‘nlab umidli va iqtidorli yosh ijodkorlar kashf etilib, ularning ilk asarlari jurnalxonlar e’tiboriga havola etildi. Adabiyot maydoniga dadil qadam qo‘ygan bu yoshlarning ijod namunalari qisqa muddat ichida ko‘plab she’riyat va nasr muxlislari qalbidan munosib o‘rin egallay olganini esa tahririyat manziliga kelgan qator maktublar, ijtimoiy tarmoqlarda ularga nisbatan bildirilgan sharhlar, fikr va izohlar orqali ham kuzatish mumkin. O‘zbek she’riyatida o‘ziga xos ovoz va o‘z aytar so‘ziga ega yosh shoirlardan Jaloliddin Sayyid, Jontemir, Shohsanam Nishonova, Ravshan Haqmurod, Feruzshoh, Go‘zal Sharipova, Najmiddin Ermatov, Muhammadali G‘afforov, Jamoliddin Badalov, Suhrob Ziyo, Muhammad Siddiq, Yulduz O‘rmonova, Rahmat Bobojon, Gulhayo Anorova kabi yoshlarimiz ijodi ko‘pchilik uchun o‘ziga xos yangilik, adabiyotimiz kelajagiga ajib umidvorlik baxsh eta oldi, desak bo‘ladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda” deb aytgan so‘zlaridan ilhomlangan tahririyat ijodiy jamoasi 2025-yil davomida xalqimizning mutolaa madaniyatini yanada oshirish maqsadida joylarda ko‘plab adabiy uchrashuv va kitobxonlikka targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etdi. Shu bilan birga adabiy maydondagi eng dolzarb va nozik masalalardan biri bo‘lib qolayotgan bolalar ijodiyotini rivojlantirish hamda yosh kitobsevarlar sonini ko‘paytirish maqsadida muntazam ravishda “Bolalar dunyosi” rukni ostida jurnalimizning kichik muxlislari uchun ham sara she’r, hikoya va ertaklar chop etib borildi.
Jurnalning o‘tgan yilgi sonlarining “Nasr” ruknida o‘ziga yarasha anchayin sermahsullik kuzatildi. Yil davomida “Sharq yulduzi” ning 12 ta soni orqali jami 6 ta roman, 5 ta qissa, ko‘plab hikoya, belkanto, novella, 3 ta drama, kinoqissa, bir nechta hajviya, turkum hangomalar, qatra va badihalar dunyo yuzini ko‘rdi. Barchasi o‘ziga xos va murakkab, badiiy jihatdan boy bu asarlar avval muharrir, keyin bo‘lim mudiri, so‘ng bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir tomonidan sinchiklab ko‘zdan kechirilib, obdan sayqallanib, jurnalxonlar e’tiboriga taqdim etib borilarkan, bularning barchasida tahririyat ijodiy jamoasining katta hissasi borligini ham qayd etish lozim. Ayni paytda tahririyat xodimlari jo‘shqin adabiy jarayonda faol ijod qilib kelayotgan adib va shoirlarimiz bilan har doimgidan-da yaqinroq hamkor, hamnafas bo‘lishlari lozimligini davr taqozo etmoqda. O‘zbek adabiyotida yaratilgan jahon miqyosida hodisa bo‘la oladigan yangi asarlar eng avvalo mamlakatimiz ijodkorlarining asosiy minbari – “Sharq yulduzi” jurnali sahifalarida e’lon qilinib borishiga erishishimiz lozim. Bu uzoq yillik an’ana sifatida bugun ham nashr va asar mavqeini belgilab beradigan yondashuv ekanini yaxshi bilamiz.
Xabaringiz bor, 2025-yil yakunida atoqli adib Xayriddin Sultonning yurtimiz tarixidagi voqeliklar yuksak mahorat bilan badiiy haqiqatga aylantirilgan, jadid ota-bobolarimiz fikr va qarashlari san’atkorona ifodalangan, syujeti jozibali tilda yanada qiziqarli chiqqan “Yaldo kechasi” romani to‘g‘ridan to‘g‘ri kitob holida nashr etilib, o‘zbek adabiyoti olamida katta shov-shuv, ulkan voqelikka aylandi. Tahririyat favqulotda yuksak adabiy e’tiroflarga sazovor bo‘lgan mazkur asar haqida tahliliy maqola so‘rab taniqli adabiyotshunos olimlarimizga murojaat qildi. Roman mazmun-mohiyati chuqur ochib berilgan maqola jurnalxonlarimiz e’tiboriga havola etish uchun tayyorlab qo‘yildi.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2025-yil 1-sonida chop etilgan taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Qahr” qissasi ham nafaqat adabiy doiralar, balki keng jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani ham bugungi o‘zbek adabiyoti erishgan yutuqlardan biri deyish mumkin.
Atoqli adib Abdulla Qahhor hayoti haqidagi ushbu qissa borasida hozirga qadar davom etib kelayotgan bahs va munozaralarni muhokama qilishdan yiroq bo‘lgan holda ayta olamizki, jurnalimiz eshiklari uslubiy barkamol har qanday ijod namunasi uchun hamisha ochiqdir. Muhimi, adabiyot shaydolarining jurnalimiz sahifalari orqali yaxshi asar bilan tanishishi va ular tafakkurida fikriy tebranishlar yuzaga kelishi ijobiy adabiy hodisa ekaniga iqror bo‘lamiz.
Xurshid Do‘stmuhammadning “Qahr” qissasi yuzasidan munaqqid Musulmon Namoz tomonidan yozilgan mufassal tahlil, yosh yozuvchi Farrux Jabborov tashabbusi bilan muallif ishtirokida bu asar muhokamasiga bag‘ishlangan adabiy klub tashkil etilgani, qolaversa, jurnalimizning ko‘p sonli o‘qirmanlari talab va takliflaridan kelib chiqqan holda tahririyat qoshida faoliyat yuritayotgan “Sharq yulduzi” yosh ijodkorlar adabiy klubida taniqli yozuvchi, munaqqidlar, tadqiqotchi va adabiyot muxlislari ishtirokida “Qahr” asari muhokamasiga bag‘ishlangan adabiy kecha tashkil etildi. Bunday uchrashuv va munozaralar esa xalqimizning adabiy jarayonlarga aslo e’tiborsiz emasligi, o‘zbek adabiyoti o‘tmishi, kechasi, buguni va ertasi ko‘pchilik uchun Vatan sha’ni kabi azizligini anglatadi va beixtiyor bu holatdan qalbimiz g‘ururga to‘ladi. Nazarimizda, Xurshid Do‘stmuhammadning “Qahr” qissasi tafakkurimizdagi aynan shu tushunchalarni uyg‘ota oldi. Buni ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan, bir-biridan farqlanuvchi va hatto zid bo‘lgan qator sharhlar va qiziqarli tahlillardan ham anglash mumkin. Eng muhimi, Xurshid Do‘stmuhammadning hajman kichik bu asari yozuvchi taqdim etgan fikrning murakkabligi va zalvori bilan zamondoshlarimiz uchun o‘ziga xos murojaat va mujda bo‘la oldi.
Umuman, o‘tgan yil davomida “Sharq yulduzi” sahifalarida yoritilgan yirik asarlarning deyarli barchasi, hech ikkilanmay aytish mumkinki, o‘zbek nasri oldinga qarab nafaqat olg‘a qadam, balki katta va jasur qadam tashlaganiga isbot bo‘la oldi, desak mubolag‘a emas.
Jurnalning 2025-yil 6-sonida chop etilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning “Momaqaldiroq ostida sayr” romani o‘tgan asrning 90-yillarida ro‘y bergan keskin siyosiy o‘zgarishlarni Oyravshan taqdiri misolida ko‘z oldimizda jonlantirgan bo‘lsa, Risolat Haydarovaning turkiy xalqlar tarixining yorqin vakilasi bo‘lgan Suyumbika taqdiridan hikoya qiluvchi “Suyumbika” romani tarixiy fenomen darajasiga ko‘tarilgan asar sifatida e’tirof oldi. Iqtidorli adib va shoir Talant Tolerantning “Panjsher qo‘shig‘i” belkantosi, Ma’mura Zohidovaning “To‘qilmagan ertak”, Norto‘xta Qilichning “Qismat jangi” romanlari esa mavzu va uslub, ko‘zda tutilgan davr voqea va hodisalarga munosabat jihatidan bir-biridan keskin farq qilsa-da, o‘ziga xos jozibasi va sarhadsiz, murakkab tuyg‘ular ifodasi bilan ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Hayot har qancha go‘zal bo‘lmasin, uning mashaqqatli, og‘ir va uqubatli damlari ham bisyordir. Inson mana shu davrdan qanday chiqishi, boshi uzra turgan og‘ir sinovlarni qay tarzda yenga olishi va boshqa muhim hayotiy so‘roqlar, jumboqlarga javob topib, kashf, taskin hamda ishonch tuyg‘ulariga qay tarzda erisha oladi? Jurnalning 2025-yil 2-sonida Nazir Safarovning “Dehibaland”, 4-sonida Hojiakbar Shayxovning “Notinch xonadon” asarini, Aliqul Xonimqulovning “It” (2-son), Qo‘chqor Norqobilning “Ko‘l qa’ridan qaytgan muhabbat” (3-son), Xursand Alining “Turon yo‘lbarsi”(4-son) va Abdunabi Hamroning “Armon qo‘shig‘i”(9-son) kabi qissalarini o‘qirkansiz, beixtiyor ana shunday chuqur mulohazalarga borasiz.
Shu bilan birga Habib Abdunazarning “Shumg‘iya”, Gulnoza Tojiboyevaning “Urushning so‘nggi kuni” (1-son), Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Qirmizi olma”, Zamira Ibrohimovaning “Alisher va mehmon chumoli” (2-son), Abdurauf Murodiyning “O‘zbek amaki”, Aziz Nesinning “Soatingiz necha bo‘ldi?” (3-son), Ilyos Topdiqning “Kuchli bola” (4-son), Normurod Norqobilovning “Og‘aynilar”, Salomat Vafoning “Teri ustidagi it”, Xoliyor Safarovning “Xizrni yo‘qotgan odam” (5-son), Qulman Ochilning “Deraza oldidagi ayol”, Allanazar Abdiyevning “Tuyatovuq” (6-son), Shuhrat Matkarimning “Bu yaxshi emas”, “Bulbul”, Shodiqul Hamroning “Barmoqlar”, Tinibek Memanaliyevning “Ardaq”, Lulua Xalaf Al-Benalining “Bo‘rilar oralab”, Muhabbat Hamidovaning “O‘rikning ibrati”, “Mehr”, Ulug‘bek Mustafoning “Novcha qizning yutug‘i”, Jo‘ra Fozilning “Muhabbatning yaldo tuni”, Muzrob Bo‘ronovning “Odamgarchilik”, Umid Xolliyevning “Qayg‘u” (8-son), Obid Qo‘ldoshning “Mag‘lubiyat”, Shodiya Umrzodaning “Bo‘ynoq” (9-son), Mirzapo‘lat Toshpo‘latovning “Maydon”, Nabi Jaloliddinning “G‘aybulik uch og‘a-ini”, Abdukerim Murotovning “Quyosh opa” (10-son), Rifa Rahmonning “Vorisning otasi” (12son) kabi ko‘plab hikoyalar ham “Sharq yulduzi” sahifalari orqali mushtariylar qalbidan o‘rin egallay oldiki, ularning aksariyati yuzasidan tahririyat manziliga kelayotgan yozma taassurot va e’tiroflardan, bu mulohazalarning “Mutolaa” ruknida jurnalda e’lon qilib borilganida ham ko‘rish mumkin. Bularning barchasi nashrimiz faoliyatda o‘quvchilar ommasi bilan naqadar chambarchas aloqada ekanligiga dalolatdir.
Jurnalning 2025-yil 4-sonida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning 1990-yilda birinchi qismi teatrda sahnalashtirilgan, ammo hali hech qayerda chop etilmagan va arxiv hujjatlari ichidan izlab topilib, qayta tiklangan “Ziyofat” ikki pardali dramasi ilk bor “Sharq yulduzi”da to‘liq e’lon qilingan bo‘lsa, 5-sonda Farmon Toshevning “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, 9-sonda Usmon Azimning “Adolat fasli” dramalari chop etildi. Ishonch bilan ayta olamizki, bu dramalar milliy adabiyotimizning mulki bo‘lib qoladigan, ham mavzu, ham badiiyat jihatidan nihoyatda qimmatli asarlardir.
Jurnalning “Barhayot siymolar” rukni bilan marhum ustoz adiblar, shoirlar, adabiyotshunos olimlarimiz hayoti va ijodiga oid xotira, tahlillar bilan birga hali e’lon qilinmagan asarlari, hayotning turli lavhalari aks etgan suratlari, tahririyat ehtiromi bilan birga, qutlug‘ yoshlarini qarshi olayotgan zamondosh fidoyi ijodkorlarimiz haqida ham maxsus sonlar chiqarildi. O‘tgan yil ushbu xayrli va ezgu an’anaga sodiq qolgan holda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Uyg‘un, Nazir Safarov, Yo‘ldosh Eshbek, Hojiakbar Shayxov, Shavkat Rahmon ijodidan namunalar, ular haqida maqolalar e’lon qilindi.
Jurnalimizning 9-sonida “Akademnashr” nashriyoti tomonidan “Izlam” turkumi doirasida kitoblari chop etilgan 20 dan ziyod yosh ijodkor kitoblariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida olimlar, shoir, yozuvchilar tomonidan yozilgan maqolalar to‘planib, e’lon etildi. Nazar Eshonqulning “Izlam” turkumi jamiyat oldiga qanday savollarni qo‘ydi?”, Nurboy Jabborovning shoira Madina Norchayevaning bir she’ri rakursida uning ijodi tahlil etilgan “Onalar uyg‘onsa – uyg‘onar millat”, shoira Gulnoz Mo‘minovaning yosh ijodkor Feruza Xayrullayeva she’rlari haqidagi “Botindagi qahramon”, shoir Bahrom Ro‘zimuhammadning shoira Tillaniso she’riyatiga doir “Badbinlikka o‘xshash erkalik” maqolalari, yosh munaqqid Shohrux Mo‘minzodaning shoir Muhammad Siddiq she’rlari haqidagi “Sog‘inch suratlari” izlanishi, ustoz shoir Xurshid Davronning Jontemir she’riyati haqida “Qo‘rquvning asl nomi mas’uliyat”, olim va adib Ilhom G‘anining “Xolislik va badiiylik mezonlari” kabi maqolalari shular jumlasidandir.
Minhojiddin Mirzoning akademik shoir G‘afur G‘ulom ijodiga bag‘ishlangan “G‘afur G‘ulom she’riyatida milliy o‘zlik”, siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayevning “Avesto” va qadriyatlar silsilasi”, filologiya fanlari doktori, professor Adhambek Olimbekovning So‘na Abbosali qizining “So‘z xoqoni” romani haqidagi “Asl xalqoniy shoir”, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori G‘iyosiddin Shodmonovning “Furqat lirikasida so‘fiyona talqinlar”, professor Rustam Abdullayevning “Nodir manba”, taniqli shoir Vafo Fayzullohning “Men bugun – kitobman” kabi maqolalari ham e’lon qilindi. Atoqli shoira Qutlibeka Rahimboyevaning O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Munavvara Usmonova ijodi va hayotiga bag‘ishlangan “Mening Munavvara singlim” kabi tahliliy, tadqiqiy maqolalar ko‘pchilikning e’tirofini qozondi. Jurnalda chop etilgan Qurdosh Qahramonovning “Hikmatlarga yo‘g‘rilgan tuyg‘ular” risolasi, filologiya fanlari doktori, professor Adhambek Alimbekovning “Hayrat izlagan shoir”, filologiya fanlari nomzodi, olima Salima Jumayevaning “Tag‘azzul jozibasi” kabi maqolalari esa mushtariylarga o‘zbek she’riyatining naqadar serqirraligi, janrlar, shakllar rang-barangligini yana bir bor eslatdi. Yosh tadqiqotchi Dostonbek Ahmadov “Badiiy tarjima kengliklarida” maqolasida keyingi yillarda o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlar haqida mufassal fikr bildirgan. Taniqli shoir, olim, dotsent Tohir Qahhorning “Nizomiy bolidan bol yaratish” maqolasi adabiyotshunosligimizning go‘zal namunasi o‘laroq o‘z qamrovi va falsafiyligi bilan jurnalxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning 75 yilligiga bag‘ishlangan “So‘zdan taqdir qurgan ijodkor”, adabiyotshunos olim Damin To‘rayevning O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov ijodi atroflicha tahlil etilgan “Davr qahramonlari qissasi”, filologiya fanlari doktori Suvon Melining Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Oripovlar ijodidagi buyuk g‘oyalar haqida batafsil so‘z yuritilgan “Adabiy birlikdagi muhim zidliklar”, taniqli shoir G‘ayrat Majidning Hamid Olimjon ijodiga yangicha nazar tashlashga undovchi “O‘z koinoti bor shoir” kabi maqolalar ham jurnalimiz sahifalarida e’lon qilindi.
Nashrimizning har bir soni muqovalari O‘rol Tansiqboyev, Javlon Umarbekov, Akmal Nur, Ortiqali Qozoqov, Dilshod Ermatov, Erkin Jo‘rayev, Dilorom Mamedova kabi mashhur rassomlar asarlari bilan ham bezatib borilgani esa har bir mushtariy qalbiga o‘ziga xos rang, taft va yorqinlik bag‘ishlab, ko‘ngillarni ravshan eta oldi degan umiddamiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Adabiyot – xalqning yuragi” deya bejiz ta’kidlamagan. Bu gapning naqadar to‘g‘riligini hayotning o‘zi isbotlab turibdi. Chunki bugungi kunda salkam bir asrlik tarixga ega “Sharq yulduzi” jurnali o‘zbek milliy adabiyoti, san’ati va madaniyati rivojida o‘ziga xos o‘ringa ega ekanligi aksariyat maktab, kollej, texnikum, oliy o‘quv yurti kutubxonalariga milliy g‘oyamiz va ma’naviyatimizning asosiy targ‘ibotchisi sifatida yetib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
Umuman olganda, adabiyotning insonlar ong-tafakkurini teranlashtirib, qalbiga go‘zal ezgu niyatlarni joylaydigan sarchashma ekanligini unutmagan holda bugungi moddiy manfaatlar, uzluksiz axborot va yangiliklar, internet olami va yoshlarni borgan sari asl hayotdan uzib qo‘yayotgan virtual olam ta’siri kuchaygan bir davrda “Ko‘proq kitob o‘qing!”, “Sharq yulduzi” jurnalini kuzatib boring!”, “Nahotki shunday kuchli asarni hali ham mutolaa etmadingiz?” kabi savollar, ming afsuski, hatto erish ham tuyuladigan davrni boshdan kechirayotganimizni ham tan olmay iloj yo‘q. Chunki bu haqiqatni hech qanday balandparvoz gaplar bilan yashirib ham, inkor etib ham bo‘lmaydi. Ammo unutmaylikki, biz insonlarga xos bir jihat, sog‘inch, ehtiyoj va taskin borki, uni yurakdan sitib chiqarish mushkul. Bu, albatta, mutolaa va adabiyotga mehr qo‘yganlar kabi ko‘ngil sohiblariga tegishlidir. Bunday insonlar har bir mutolaadan keyin o‘zi istagan taskinni topadi, adabiyotning kuchini, zavqini his etadi.
Bunga misol tariqasida o‘zim bevosita guvoh bo‘lgan bir necha holat haqida izningiz bilan to‘xtalib o‘tsam.
Buxoro viloyatining Vobkent tumanida bir yaqinimizning to‘yiga poytaxtdan tashrif buyurgan mashhur san’atkor davrani qizitib, anchagina kuylab, shodiyonaga zavq bag‘ishlagach, biroz charchadi chog‘i, davra ahliga murojaat qilib: “Mana sho‘x ashulalar eshitib, mazza qilib raqslarga tushdingiz. Endi bu navo zavqini nazm musobaqasi bilan bezab, she’rxonlik mushoirasini boshlasak, rozimisiz?” deb qoldi. Hofizning bu taklifidan boshqalarni bilmadim-u, lekin o‘zim anchayin gangib qoldim. Negadir hozirdanoq yuzim qizib, boshim xam bo‘ldi: “Eh, hofiz! Hozir odamlar she’rxonlik nimaligini bilarmidilar? Bunday mushoiralar allaqachon o‘tmishga aylangan-ku...” degan o‘kinch ichimni timdalardi. Va shu payt o‘rtaroqdagi davradan kimdir qo‘l ko‘tarib, o‘rnidan turdi hamda qiroatu shijoat bilan Abdulla Oripov she’rini yod ayta ketdi. Uning bu chiqishini olqishlash uchun chalingan qarsaklar tugashga ulgurmay, boshqa kimdir o‘rnidan adl qo‘zg‘olib, Erkin Vohidovdan she’r boshladi. Keyin Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy, Maxtumquli she’riyatidan namunalar ustma-ust, uzilishlarsiz katta to‘y sahnining hali u, hali bu burchidan shunday yangray boshladiki, odamlar kelin-kuyovni ham, to‘yni ham va hatto bu tashabbusni boshlagan hofizni ham unutgan tarzda zavq va shavq bilan she’rxonlik qilardilar. Bunday go‘zal holat guvohi bo‘lgan kaminaning qalbidan bu safar qanday o‘ylar o‘tganini esa o‘zingiz tasavvur eting endi.
Yana boshqa safar esa Jizzaxga bir ijodkor do‘stimizning farzandlari nikoh bazmi shodiyonasiga bordik. Albatta, to‘yga to‘yona bilan birga “Sharq yulduzi” jurnalining barcha sonlarini ham kelin-kuyovlarga ma’rifat hadyasi sifatida keltirgandik. Eng qizig‘i, bu sovg‘ani kelin-kuyov uchun topshirayotgan chog‘da to‘ydagi mehmonlar misli yombi topgan kabi jurnalni qo‘lma qo‘l olib varaqlab, yana bormi deb so‘rashardi. Tezda ulovda qoldirilgan boshqa jurnallarni ham keltirib, yetganicha barchaga ulashdik. Yuragimiz g‘ururga to‘ldi. Ko‘ring! Naqadar adabiyotsevar xalqimiz bor! Aytgancha, “Sharq yulduzi” jurnallari to‘plamini qo‘lga olishga ham ulgurmay, mehmonlarning bu nashrga mehrini samimiy havas bilan kuzatib qolgan kelin-kuyovlarimizni ham unutmadik. Ertasigayoq jurnalimizning turli sonlari va yangi chiqqan kitoblar to‘plamlarini jamlab, qaytadan sovg‘a tayyorlab, yoshlarning qo‘llariga yetkazdik.
Bularning barchasidan ko‘rinadiki, “Sharq yulduzi” tahririyati jamoasi va jurnalimiz bilan domiy adabiy hamkorlik qilib kelayotgan ustoz adiblar, shoirlar, munaqqid, san’atshunos, yosh ijodkorlarning sa’y-harakatlari tufayli nashrimiz yurtimizning eng olis hududlarida ham intiqlik bilan kutilayotir, zavq bilan o‘qilmoqda, e’lon qilingan asarlar odamlarni mushohadaga chorlab, ular tafakkur olamini kengaytirishga hissa qo‘sha olayotir. Bundan g‘ururlanmaslik mumkinmi?
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida joriy yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili deb e’lon qilarkan, mahallalarga 10 million nusxada kitoblar yetkazib berish tashabbusini olg‘a surdi. Har yili bir necha o‘nlab kitoblarni o‘zida jam qilib chiqarayotgan “Sharq yulduzi” jurnali ham ana shu kitoblar qatorida bo‘lishiga va maktablarimiz vositasida mahallalarimizga, demakki, xalqimizning keng qatlami qo‘liga yetib borishiga ishonchimiz komil.
Akademik yozuvchimiz, ustoz Oybek aytganidek, “Adabiyot – fikr ommasi, qalb hislari bilan doimo sayqallanadigan, to‘xtashni bilmaydigan, borgan sari, hamisha nurlanishi, chaqnashi oshib boradigan bir soha”ki, u har birimizning yuragimiz, ich-ichimiz, ma’naviy dunyomizda barqaror yashamog‘i kerak. Umid qilamizki, bundan keyin ham “Sharq yulduzi” jurnali milliy adabiyotimiz yangiliklari, xalqimiz suygan yuksak iste’dod egalarining asl ijod namunalarini yoritib borishdek ulkan, shu bilan birga mas’uliyatli vazifasini sidqidildan bajarishda davom etadi, siz aziz mushtariylarimiz qalbidan munosib o‘rin egallab, doimo e’tiboringiz ardog‘ida bo‘lib qoladi.
Sirojiddin RAUF,
“Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri