Xalqchil qonunlar: fuqarolarga tushunarli va amalda qulay huquqiy tartib
Mustaqillikning 35 yili milliy parlamentarizmni qaror toptirish, qonun ijodkorligini inson manfaatlariga yaqinlashtirish va huquqiy tartib-taomillarni soddalashtirish davri bo‘ldi
Fuqaro qonun bilan deyarli har kuni yuzma-yuz keladi. Farzandni ta’lim muassasasiga joylashtirish, ishga kirish, mulkni rasmiylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, ijtimoiy yordam olish yoki buzilgan huquqni himoya etish muayyan huquqiy tartib asosida amalga oshiriladi.
Shu ma’noda qonunning xalqchilligi oddiy inson hayotida qanday ishlashi bilan o‘lchanadi. Fuqaro o‘z huquqini qiynalmay tushunsa, undan ortiqcha hujjat talab qilinmasa, murojaati aniq muddatda ko‘rib chiqilsa va qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilish tartibi ravshan bo‘lsa, ana shunda huquqiy norma haqiqatan ham xalqqa xizmat qiladi.
Mustaqillik xalqimizga o‘z davlatini, taraqqiyot yo‘lini va milliy huquqiy tizimini mustaqil belgilash imkonini berdi. Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani mustahkamlangan. Demak, parlamentda qabul qilinayotgan har bir qonun, eng avvalo, xalqning ehtiyoji, manfaati va hayotiy talablarini ifoda etishi kerak.
Xalqchillikning uch mezoni
Xalqchil qonun uchta muhim xususiyatga ega bo‘lishi lozim.
Birinchidan, u mazmunan adolatli bo‘lishi kerak — jamiyatdagi haqiqiy muammoga yechim berishi, inson huquqlarini ishonchli himoya qilishi, fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlari o‘rtasida oqilona muvozanatni ta’minlashi zarur.
Ikkinchidan, qonun shaklan tushunarli bo‘lishi lozim. Huquqiy norma murakkab jumlalar, bir-biriga ulangan ko‘plab havolalar va turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan iboralardan iborat bo‘lsa, uning mazmuni oddiy fuqaro uchun mavhum bo‘lib qoladi.
Uchinchidan, qonun amalda qulay ishlashi shart. Unda belgilangan huquqdan foydalanish uchun fuqaro bir necha idora o‘rtasida sarson bo‘lmasligi, davlatning o‘zida mavjud ma’lumotlarni qayta-qayta qog‘oz shaklida taqdim etmasligi kerak.
Oddiy qilib aytganda, har bir qonun fuqaroning oltita asosiy savoliga aniq javob berishi lozim: bu norma kimga taalluqli, u qanday huquq beradi, qayerga murojaat qilish kerak, qaysi hujjatlar talab etiladi, masala qancha muddatda hal qilinadi va qarordan norozi bo‘linsa, qayerga shikoyat qilish mumkin? Qonunni tushunish va o‘z huquqidan foydalanish uchun fuqaro huquqshunos bo‘lishi shart emas.
Inson manfaati — konstitutsiyaviy mezon
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi belgilandi. Shuningdek, inson bilan davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi mustahkamlandi. Bu qoida xalqchil qonunchilikning eng muhim konstitutsiyaviy poydevorlaridan biridir.
Mazkur prinsip qonun ijodkorlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi: davlat organi qonunchilikdagi noaniqlikni fuqaroga qo‘shimcha majburiyat yuklash uchun asos sifatida ishlata olmasligi kerak. Shu bois to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi, huquqdan foydalanish mexanizmi o‘zida mujassam etilgan qonunlar ulushini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifasiga aylandi. Bu yondashuv amalda ham o‘z ifodasini topmoqda. Qonunchilik palatasining 2026-yil birinchi choragidagi faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega xalqchil qonunlar ulushini oshirish alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Xalqchil qonun amalda qanday ko‘rinadi?
Mavhum tamoyillar hayotiy misollarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Joriy yilning o‘zida qabul qilingan bir qator qonunlar aynan fuqaroning kundalik tashvishidan kelib chiqib ishlab chiqilgani bilan e’tiborli.
Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan yo‘l harakati xavfsizligiga oid kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun jarima o‘rniga “ma’muriy ogohlantirish” chorasi joriy etildi. Bundan tashqari, foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarlik bo‘yicha qaror bir oydan kech chiqarilsa, jazo qo‘llanilmaydi. Bu bilan davlat organi tomonidan qarorning kechiktirib chiqarilishi oqibati fuqaro zimmasiga yuklanmasligi ta’minlandi. Bu noaniqlikni inson foydasiga hal qilish tamoyilining amaldagi yorqin ifodasidir.
Yana bir misol. Avtomobil sotuvchisi odometr ko‘rsatkichi o‘zgartirilgani haqida xaridorni oldindan xabardor etmasa, endi ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Oddiy xaridorning manfaatini himoya qiluvchi bu norma ham aynan hayotiy muammodan tug‘ilgan.
Xalqchil qonunchilikning yana bir aniq ifodasi pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga, ularning alohida murojaatisiz proaktiv tarzda yoshga doir pensiya tayinlanishi hamda sud muhokamalarida mobil videokonferensaloqa orqali masofadan ishtirok etish imkoniyati yaratilganidir. Birinchi holat fuqaroni ariza va hujjatlar bilan idorama-idora yurishdan xalos etsa, ikkinchisi odil sudlovdan foydalanish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatni kamaytiradi.
Muhimi, bunday tashabbuslarning manbai ko‘p hollarda xalqning o‘zi bo‘lmoqda. 2026-yilning birinchi choragida fuqarolardan qonunchilikni takomillashtirishga doir 85 ta taklif kelib tushib, mas’ul qo‘mitalar tomonidan o‘rganildi. Ovchilik xo‘jaligi yoki mahalliy Kengashlar vakolatlariga oid taklif bildirgan fuqarolar parlamentga taklif etilib, ularning fikri bevosita muhokama qilingani esa “xalq — qonunlarning tom ma’noda yagona manbai va muallifi” tamoyilining jonli isbotidir.
Fuqaro — qonun ijodkorligining faol ishtirokchisi
Xalqchil qonunni xalqning ishtirokisiz yaratib bo‘lmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, saylov huquqiga ega bo‘lgan yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqaro qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli. Bu xalqning qonun ijodkorligidagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiquvchi muhim demokratik mexanizmdir.
Qonunchilikka muvofiq, eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega qonun loyihasini ishlab chiqishdan oldin uni tayyorlash haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilishi, kelib tushgan fikr va takliflar inobatga olingan holda loyiha ishlab chiqilishi lozim. Joriy yilning birinchi choragida deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqayotgan 18 ta qonun loyihasi siyosiy partiyalar bilan birgalikda joylarda muhokamadan o‘tkazildi. Bildirilgan fikr va takliflardan loyihalarni maromiga yetkazishda foydalanildi.
Ayni paytda bu borada hali yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Tahlillarga ko‘ra, shu davrda quyi palataga kiritilgan 29 ta qonun loyihasidan 10 tasi, ya’ni uchdan bir qismi, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmagan holda kiritilgan. Bu raqam jamoatchilik muhokamasi hali barcha tashabbuskorlar uchun odatiy amaliyotga aylanmaganini ko‘rsatadi. Muhokama haqiqiy muloqotga aylanishi uchun bildirilgan takliflar tizimlashtirilishi, qaysi fikrlar qabul qilingani yoki nima sababdan inobatga olinmagani ochiq tushuntirilishi lozim.
Deputatlarning saylovchilar bilan bevosita muloqoti ham qonun ijodkorligining muhim ozuqa manbaidir. Birinchi chorakda xalq noiblari saylov okruglarida 5 160 ta uchrashuv o‘tkazib, 112 ming nafardan ziyod fuqaro bilan muloqot qildi. Ushbu uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan 2 624 ta masala ko‘tarilib, ularning bir qismi joyida hal etildi, tizimli masalalar esa parlament darajasiga olib chiqildi. Deputatlar tashabbusli byudjet doirasidagi yangi vakolatidan ilk bor foydalanib, aholi hayotiga bevosita ta’sir qiladigan, umumiy qiymati 238,9 milliard so‘mlik 150 ta loyihani qo‘shimcha g‘olib deb e’lon qilgani esa xalq vakili va saylovchi o‘rtasidagi ishonchni amaliy hamkorlikka aylantirgan yangi mexanizm bo‘ldi.
Qarordan oldin — ta’sirni baholash, qabuldan keyin — ijro nazorati
Qonun qabul qilishdan avval «bu norma qanday natija beradi?» degan savolga asoslangan javob bo‘lishi shart. Yangi tartib fuqarolar va tadbirkorlarga qanday qo‘shimcha xarajat yuklashi, uni bajarish uchun davlat organlarida yetarli resurs bor-yo‘qligi, tartib hududlarda bir xil ishlay olishi oldindan tahlil qilinishi kerak. Aynan shu maqsadda 2025-yil 4-martda Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi dasturi tasdiqlandi. Mazkur jarayonda Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy-huquqiy tadqiqotlar qonun loyihalarini hayotiy dalillar bilan boyitishga xizmat qilmoqda: birgina o‘tgan chorakda institut tomonidan qonun loyihalari yuzasidan ilmiy xulosa va axborot-tahliliy tusdagi 51 ta material tayyorlanib, parlament va boshqa davlat organlariga taqdim etildi.
Biroq qonunning qabul qilinishi muhim bosqich bo‘lsa-da, yakuniy natija emas. Asosiy masala — uning joylarda qanday ishlayotgani. Shu bois qo‘mitalar tomonidan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi, «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi kabi qonunlarning ijro etilishi holati bevosita hududlarga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Birinchi chorakda jami 37 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazilib, davlat organlari rahbarlarining axboroti eshitildi, saylovchilarni bezovta qilayotgan masalalar yuzasidan 23 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Shu bilan birga, xolis tahlil ayrim zaxiralar hali to‘liq ishga solinmaganini ham ko‘rsatadi: o‘tgan davrda birorta ham parlament so‘rovi yuborilmagani, deputatlarning qonunchilik tashabbuslari soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygani nazorat va tashabbuskorlik vositalaridan yanada faol foydalanish zarurligidan dalolat beradi. Kamchilikni ochiq tan olish va uni bartaraf etish choralarini belgilash — aynan xalqchil, hisobdor parlamentga xos yondashuvdir.
Qulay tartib — ortiqcha ovoragarchilikka barham
Xalqchil qonun fuqaroning vaqtini qadrlashi kerak. Davlat organlarida mavjud ma’lumotlar idoralararo axborot almashinuvi orqali olinishi, fuqarodan bir ma’lumotni takroran talab qilishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Har bir ma’muriy tartibda talab etiladigan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati, xizmat ko‘rsatish muddati va rad etish asoslari oldindan aniq belgilanishi zarur. «Boshqa hujjatlar ham talab qilinishi mumkin» kabi ochiq qoldirilgan qoidalar turli hududlarda turlicha amaliyot shakllanishiga va korrupsiyaviy xavflar paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.
Raqamlashtirish ham fuqaro manfaatiga xizmat qilgandagina samaralidir. Bu borada parlamentning o‘zi ham yangi ish usullarini joriy etmoqda: 2025-yilda qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning barcha bosqichlarini raqamlashtiruvchi e-qonun.uz tizimi ishga tushirildi, Qonunchilik palatasining yalpi majlislari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda uzatilmoqda. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida qonun ijodkorligi jarayonlarida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash darajasini 70 foizga yetkazish vazifasi belgilangani bu yo‘nalishdagi ishlarning istiqbolini ko‘rsatadi. Ayni paytda yoshi katta yoki raqamli ko‘nikmasi yetarli bo‘lmagan shaxslar uchun an’anaviy murojaat usullari ham saqlanishi zarur — qulay huquqiy tartib barcha uchun birdek ochiq bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.
Fuqarolarning parlamentga ishonchi ortib borayotganini raqamlar ham tasdiqlaydi: 2026-yilning birinchi choragida Qonunchilik palatasiga 2 351 ta murojaat kelib tushdi. Bu 2025-yilning mos davridagi 1 511 taga nisbatan 55,6 foiz ko‘p. Mazkur ko‘rsatkich fuqarolarning parlament bilan muloqotga kirishish faolligi oshganini ko‘rsatadi. Endi asosiy mezon murojaatlar soni emas, ularning o‘z vaqtida va natijali hal etilishidir.
Mustaqillik qonunlarida inson ovozi
Davlat mustaqilligining 35 yilligi — bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish bilan birga, kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun ham muhim tarixiy marra. O‘tgan davrda milliy davlatchilik, Konstitutsiya, professional parlament va zamonaviy huquqiy tizim shakllandi. Endi qonunchilik taraqqiyotining bosh mezoni qabul qilinayotgan hujjatlar soni emas, ularning inson hayotiga berayotgan aniq natijasi bo‘lishi kerak.
Bu borada matbuotning ham o‘z o‘rni bor. Ommaviy axborot vositalari faqat «yangi qonun qabul qilindi» degan xabarni yetkazish bilan cheklanmasdan, «bu qonun fuqaro hayotida nimani o‘zgartiradi?», «yangi huquqdan qanday foydalanish mumkin?» degan savollarga javob berishi lozim. Ana shunda parlament faoliyati bilan xalq o‘rtasidagi muloqot yanada mustahkamlanadi.
Mustaqillik bizga o‘z qonunlarimizni mustaqil yaratish huquqini berdi. Bugungi vazifa — har bir qonunni xalqqa yaqin, tushunarli va amalda qulay qilishdir. Xalqchil qonun — fuqaro unda o‘z ovozini eshitadigan, o‘z huquqini ko‘radigan va undan foydalanishning aniq yo‘lini topadigan qonun. Ana shunday qonunlar inson qadri ulug‘lanadigan, adolat va qonun ustuvorligi ta’minlanadigan yangi O‘zbekistonning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Laziza NIYOZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti
Sud-huquq sohasida tadqiqotlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi.
O‘zA