Xalqaro tashkilotlarga kirish orzusi...
Rossiya-Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden bayonot berishicha, “Amerika xalqi tomonidan” Ukrainani qo‘llab-quvvatlash sur’ati pasaymaydi.
“Biz doim demokratiya tarafdorimiz”, dedi u.
Qo‘shma Shtatlar yetakchisi “AQSH Harbiy-havo kuchlari va Koinot kuchlari imkoniyati bilan G‘arb jamoasi Kiyevni qo‘llab kelmoqda”, deya qo‘shimcha qildi.
NATO Kiyevga Shimoliy Atlantika alyansiga kirish uchun qisqa yo‘l taklif qilolmaydi, ammo NATO – Ukraina komissiyasi maqomini oshirishga tayyor. Bu fikrni tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg bildirdi.
“NATO mamlakatlari Ukraina safimizga qo‘shilishiga rozi, bu masalada Rossiya veto kiritolmaydi, qolganini vaqt ko‘rsatadi”, dedi u.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan chegaradosh barcha mamlakatlar Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
– Rossiyadan zulm ko‘rmaslik uchun chegaradosh qo‘shnilar ushbu tuzilmalarga qabul qilinishi shart, – dedi u. – Belarus va Gruziyada nimalar sodir bo‘layotganini ko‘ryapmiz.
BRIKS mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi Ukraina atrofidagi ziddiyatni hal etish tashabbusida ishtirok etish va tezroq tinchlikka erishishni istaydilar. JAR TIV rasmiy vakili Anil Suklal fikricha, "BRIKS har qanday inqiroz tinch, muzokara yo‘li bilan hal etilmog‘i kerak, bu qanchalik tez yuz bersa, shuncha yaxshi, tamoyilidan kelib chiqadi.
Ukraina Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasi davridagi G‘arbiy Germaniya kabi “nemis ssenariysi” bo‘yicha NATOga a’zo bo‘lib kirishi mumkin. Bunday fikrni “Corriere della Sera” nashri sharhlovchisi Federiko Rampini bildirdi:
“Ikkinchi jahon urushidan keyin ikki Germaniya bor edi, biri 1955 yil Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘ldi. Demak, Ukraina NATOga kirishi uchun ham tarixda misol bor”.
Ukraina G‘arbning geosiyosiy o‘yinida “qo‘g‘irchoq” rolini bajarmoqda, deb bayonot berdi Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko.
“Yevropa va AQSH o‘zlari uchun yaqin o‘lka – Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti. Don mahsulotlarini sotish masalasi ko‘ndalang turganda, Yevropa barcha eshiklarini yopib oldi, Ukraina donidan voz kechdi”, dedi u.
Germaniya kansleri Olaf Shols aytishicha, G‘arb mamlakatlari anchadan beri Ukraina uchun xavfsizlik kafolati qanday bo‘lishi kerak, degan mavzuni muhokama qilib kelmoqda.
– Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shyapmiz, – degan u. – Binobarin, mojaro tugagandan keyin xavfsizlikni kafolatlash haqida ham hozirdan jiddiy bosh qotirish zarur.
Shols Germaniya hukumati “Ukraina tomonidan qarshilik ko‘rsatilishi to‘xtab qolmasligi uchun” Kiyevga qurol-aslaha yetkazib beryapti, deya qo‘shimcha qilgan.
Moldova Prezidenti Mayya Sandu Prezident Zelenskiy bilan Kishinyovdagi uchrashuv chog‘ida Ukraina atrofidagi ziddiyatni muhokama qildi.
“Kishinyov Ukrainaga yoqilg‘i, asbob-uskuna va boshqa mahsulotlar yetkazib berishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda”, dedi Sandu.
Xitoyning tinchlik rejasi yakuniy emas, hali o‘zgarishi mumkin, Ukraina hukumati Rossiya takliflarini hisobga olmaydi”, dedi Zelenskiy.
“Tinchlik formulasi faqat bizniki bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Ukraina yetakchisi.
Abror XON, O‘zA