Xalqaro siyosat yangiliklari qisqa satrlarda
Rada may oyida Ukrainada harbiy holat tartibini uzaytiradi
Ukraina parlamenti may oyi boshida harbiy holat rejimini yana uzaytiradi. Avvalgi e’lon qilingan harbiy holatning muddati 18 mayda tamom bo‘ladi.
Harbiy holat katta ehtimol bilan yana 90 kunga uzaytiriladi, dedi Oliy rada deputati Yaroslav Jeleznyak.
* * *
OAV: Sudanda Tezkor harakat kuchlari 72 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rozi bo‘ldi
Sudan Tezkor harakat kuchlari gumanitar asoslarga tayanib, 72 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rozi ekanligini ma’lum qildi. Rejim juma kuni soat ertalab 6.00 dan boshlangan, deyiladi Reuters (https://www.reuters.com/) bergan xabarda.
Sudan sog‘liqni saqlash vaziri ma’lum qilishicha, harbiy harakatlar boshlangandan buyon halok bo‘lganlar soni 600 kishiga yetgan.
* * *
OAV: G7 mamlakatlari Rossiyaga tovar eksportini butunlay to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqmoqda
Bu haqda Kiodo agentligi Yaponiya hukumati manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Avvalroq Yaponiya iqtisodiyot vaziri Yasutosi Nisimura “Rossiyaga eksport butunlay to‘xtatiladimi”, deb berilgan savolni javobsiz qoldirgan edi. U bunga “masala diplomatik muzokaralarni ko‘zda tutadi” degan edi.
* * *
Zelenskiy Stoltenberg bilan muzokarada to‘rtta mavzuni ta’kidlab o‘tdi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergni hamkorlarning Ukrainaga yordamini faollashtirish bo‘yicha yordam berishga chaqirgan.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar bir qator muhim masalalarni, jumladan, Ukraina mudofasi hamda ayrim hamkorlarning harbiy yordam ko‘rsatishga qaror qilmayotgani muhokama qilingan.
Shuningdek, ikki siyosatchi Kiyevdagi uchrashuvida mamlakatning Alyansga a’zo bo‘lishi hamda «Ramshtayn» da bo‘ladigan kelgusi majlis haqida ham fikr almashgan.
* * *
Qirg‘iziston Prezidenti til bo‘yicha Milliy komissiya rahbarini qattiq ogohlantirdi
20 aprel kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat tili hamda til bo‘yicha siyosat milliy komissiya raisi Kanibek Osmonaliyevni qabul qilib, qirg‘iz tilining hozirgi ahvoli, taraqqiyot istiqboli va uni qo‘llash sohalarini kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Shu bilan birga, davlat rahbari Milliy komissiya raisini qattiq ogohlantirib, til siyosati, xususan, qirg‘iz tilini lotin yozuviga o‘tkazish borasida ehtiyotsizlarcha gapirishdan tiyilishni ta’kidlagan.
«Qirg‘iz tilini lotin yozuviga o‘tkazish to‘g‘risida gapirishga hali erta. Davlat tilini kirilchada yuqori darajada egallashni ta’minlamay turib, lotin yozuviga o‘tish haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Hozir bu masala ko‘ndalang turgani yo‘q, davlat tilini rivojlantirish ishlari davom ettirilishi kerak», - deya ta’kidladi prezident.
* * *
Tramp dunyoni yadro qurolidan xalos qilishga chaqirdi
AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp xalqaro hamjamiyatni global isish muammolarini muhokama qilish o‘rniga yadro qurollaridan xalos bo‘lishga chaqirdi.
“Ular global isishni muhokama qilib o‘tiribdi. Bu nodonlik va biz, avvalo, yadro qurollaridan xalos bo‘lishimiz kerak”, - dedi u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi Full Send Podcast kanalida onlayn chiqish qilib.
“Rossiya ham Xitoy ham bunga rozi bo‘lardi. Men Vladimir Putin bilan bu haqda gaplashgandim va unga ushbu g‘oya ma’qul kelgandi”, - dedi sobiq prezident.
* * *
OAV: Polsha Yevropa Ittifoqini Gazprombankni SWIFT tizimidan uzishga chaqirgan
Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiyaga nisbatan joriy qilinayotgan yangi sanksiya paketi doirasida Gazprombankni SWIFT tizimidan uzishga yoki kamida bank aktivlarini muzlatib qo‘yish haqida o‘ylashga chaqirdi”, deb xabar tarqatdi EuObserver nashri.
S.Rahimov, O‘zA