Xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtiruvchi sammit
Joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tayotgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti ishida ishtirok etdi.
Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta’minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo‘yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari o‘rin olgan.
Tadbirda Prezidentimiz “yashil” tiklanish sohasida mamlakatda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yo‘nalishlarini aytib o‘tdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.
Davlatimiz rahbarining “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shuni ta’kidlash joizki, Orol dengizi halokatining global oqibatlarini yengib o‘tish, bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Yaqinda esa, O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Prezidentimiz mazkur hujjat to‘liq qo‘llab-quvvatlangani uchun barcha xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Qolaversa, yurtboshimiz tomonidan “yashil texnologiyalar”ni keng joriy etish, Orol dengizi halokatining global oqibatlarini bartaraf etish, “yashil energetika”ni rivojlantirish hamda “yashil iqtisodiyot”ni barpo etish kabi maqsadlar ilgari surilib, O‘zbekiston «P4G» yo‘nalishidagi sheriklikka qo‘shilish va uning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishiga tayyor ekanligi ta’kidlandi.
Shuni ham qayd etish lozimki, «P4G» sammiti “Uglerod neytralligi tomon inklyuziv atrof-muhitni tiklash” shiori ostida Janubiy Koreyada o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro ekologik sammit hisoblanadi.
Shubhasiz, bo‘lib o‘tgan sammit xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga undaydi. Qolaversa, bir qancha davlatlar bilan ekologik yo‘nalishda xalqaro hamkorligimiz yanada kengayadi.
R.Siddiqov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi
masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari