Xalqaro kuzatuvchilar faoliyatini boshladi
Saylov - 2021
15 sentyabr kuni Toshkentda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasining matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha YeXHT DIIHB missiyasi o‘z faoliyatini boshlagani haqida ma’lum qilindi.
Saylovlarni kuzatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan YeHXT DIIHB missiyasining Ouen Myorfi (Irlandiya) boshchiligidagi 12 nafar mutaxassisdan iborat asosiy guruhi kelgan. Ular Germaniya, Avstriya, Belarus, Polsha, Moldova, Slovakiya, Ukraina, Ruminiya, Gruziya va Shimoliy Makedoniyadan.
Saylovda YeXHT DIIHBdan hammasi bo‘lib 300 nafarga yaqin kuzatuvchi qatnashadi, shu jumladan, yana 18 mamlakatdan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi ishtirok etadi. Ular saylov kuni hududlarda bo‘lib, saylov jarayonlarini kuzatadi, shuningdek, 250 ta qisqa muddatli kuzatuvchilar ham ovoz berish tadbirlarini kuzatib boradi.
Matbuot anjumanida bu YeHXT DIIHBning 2016-2021 yillardagi uchinchi to‘laqonli missiyasi ekani ta’kidlandi.
YeXHT DIIHB saylovlarni kuzatish missiyasi O‘zbekistonda 1999, 2004, 2009, 2014, 2019 yillardagi beshta parlament va 2007, 2015 va 2016 yillardagi Prezident saylovlarida ishtirok etgan. Qayd etilishicha, bo‘lajak saylovlarni tashkil etishda YeXHT DIIHB ekspertlarining avvalgi Prezident saylovlari yakunlari bo‘yicha hisobotlarda bayon etilgan fikr-mulohazalari va tavsiyalari e’tiborga olingan. Xususan, joriy yilgi saylovda ayol nomzod ishtirok etayotgani ijobiy baholanmoqda.
Shuningdek, saylovlarni o‘tkazish jarayonidagi o‘zgarishlar ham qayd etildi. Xususan, katta xavf tug‘dirmaydigan va og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishiga doir cheklov bekor qilindi. Siyosiy partiyalardan kuzatuvchilarning saylovlar oshkoraligi va demokratligini ta’minlashdagi roli kuchaytirildi.
Ular ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha saylov komissiyasining bayonnomasi tayyorlangandan so‘ng darhol saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning ko‘chirma nusxasini olishlari mumkin. Uchastka saylov komissiyasining ovozlarni sanash to‘g‘risidagi bayonnomaning ko‘chirma nusxasini hamma tanishib chiqishi uchun darhol saylov uchastkasiga kamida qirq sakkiz soat muddatga osib qo‘yish tartibi o‘rnatildi.
O‘zbekistonning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari konsullik ro‘yxatidan o‘tganidan qat’i nazar, xorijiy davlatlarda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi hamda horijdagi saylovchilarning yashash joyi va ish joyidagi ko‘chma ovoz berish qutilarida ovoz berish uchun huquqiy asoslar qonuniy jihatdan mutahkamlandi.
Bundan tashqari, siyosiy partiyalarga targ‘ibot ishlarini olib borishi, umumpartiyaviy saylov tadbirlari, jumladan, ommaviy saylov kampaniyasini o‘tkazishi uchun qulay huquqiy sharoitlar yaratildi.
Tayyorgarlikning barcha bosqichlarida va saylovlarni o‘tkazishda saylov qonunchiligi sub’ektlarining qabul qilingan qarorlar ustidan shikoyat qilish tartibi nazarda tutilgan. Shuningdek, saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning saylovlarni o‘tkazish va yakunlarni sarhisob qilishga oid masalalar bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirildi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, 2016 yilgi Prezident saylovi yakuni bo‘yicha 24 ta tavsiyanomadan 19 tasi qabul qilindi, 2016-2021 yillar davomida O‘zbekiston saylov qonunchiligiga jami 29 ta tavsiya, 8 ta qisman qabul qilingan tavsiyalar joriy qilindi.
Saidmurod Rahimov, O‘zA