Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan mehmonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan mehmonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov MDH Parlamentlararo Assambleyasi Bosh kotibi – Kengash kotibiyati rahbari Dmitriy Kobiskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Unda Oʻzbekiston MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarda faol qatnashayotgani alohida taʼkidlandi.
Suhbat davomida 22-dekabrda boʻlib oʻtadigan saylovga koʻrilgan tayyorgarlik jarayoni xususida soʻz yuritildi.
Kuzatuvchilar eʼtiroficha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar saylovlarning ochiq, shaffof, demokratik tamoyillar asosida oʻtishiga, fuqarolar ijtimoiy-siyosiy faolligi taʼminlanishiga xizmat qilmoqda.
Delegatsiya vakillari ertangi saylov Oʻzbekistonda olib boriladigan kelgusi islohotlarning yanada taʼsirchanligini oshirishda tamal toshi boʻlishini, aholi manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi.
* * *
“Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi vitse-prezidenti, Fransiya Milliy Majlisi deputati Pyer Kabare bilan uchrashuvda saylov kampaniyasi sogʻlom raqobat, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga mos oʻtgani taʼkidlandi.
P.Kabare dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib borayotganiga toʻxtalib, yangi shakllantiriladigan parlament tarkibi mamlakat rivojiga oʻz hissasini qoʻshishiga ishonch bildirdi.
* * *
Oliy Majlis Senatida MDH va SHHT PAA missiyasi tarkibida ishtirok etuvchi Rossiya Federatsiyasi Federal Majlis Federatsiya Kengashi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, saylov kampaniyasini jahon hamjamiyati katta qiziqish bilan kuzatmoqda va saylov jarayoni jamiyatni demokratlashtirish, keng axborot kampaniyasini olib borish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash sharoitida oʻtmoqda.
Rossiya Federatsiya Kengashi aʼzosi Sergey Lisovskiyning fikricha saylovlar yuqori tashkiliy darajada boʻlib oʻtadi. Yangi ochiqlik va ustuvorliklarni qayta koʻrib chiqish siyosati kutilgan natijalarni, taraqqiyot yoʻlini shiddat bilan bosib oʻtayotgan Oʻzbekistonga farovonlikni olib keladi.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Italiyaning “The European House-Ambrosetti” kompaniyasi vakili Filippo Malinverno bilan uchrashdi.
Tomonlar Oʻzbekistondagi parlament saylovlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrilganiga toʻxtalib oʻtdi. Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosati saylov kampaniyasining barcha ishtirokchilariga katta masʼuliyat yuklaydi.
Filippo Malinverno yangi shakllantiriladigan parlament tarkibi mamlakat rivojiga oʻz hissasini qoʻshishiga ishonch bildirdi.