Xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston stendi e’tirof etildi
Joriy yilning 4-6 aprel kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida AITF-2023 19-xalqaro turizm va sayohat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon xalqaro turizm yarmarkasida ilk bor «hamkor davlat» sifatida ishtirok etmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki Madaniyat va turizm vazirligi hamda «Milliy PR-markazi» DUK, shuningdek, O‘zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasi hamkorligida, “Uzbekistan Airways” AJ ko‘magida tashkil etilmoqda.
Sayyohlik ko‘rgazmasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov hamda «Milliy PR-markazi»DUK direktori Dilfuza Samandarova xalqlarimiz qondosh, qarindosh ekanligini ta’kidladi. Shu boisdan Prezidentimiz tomonidan Ozarbayjon bilan turizm yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish vazifasi qo‘yilgan.

Mazkur sayyohlik ko‘rgazmasida asosiy e’tibor ozarbayjonlik turizm sohasidagi tadbirkorlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, mamlakatimizga bu yurt vakillarining tashrifini ko‘paytirishga qaratildi.
– Hozirda Xorazmda sayyohlar uchun zaruriy sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, Xivaga poyezd qatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi ham xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirdi. Xorazmda turistlarning ko‘proq qolishlari uchun harakatdamiz, – dedi O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etayotgan xorazmlik tadbirkor Zaynab Abdullayeva.
Davlatimiz tashabbusi bilan Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida turizm xizmatlari eksportini ko‘paytirish va ozarbayjonlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida Xorazm viloyati biriktirilgan edi. Unga ko‘ra, ko‘rgazma doirasida Xorazm viloyatidan katta delegatsiya ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibi 7 ta sayyohlik kompaniyasi, «Ichan qal’a» majmuasi rahbariyati, madaniyat va san’at namoyandalari, musiqachilar hamda hunarmandlardan iborat.

AITF-2023 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida davlat sayyohlik tashkilotlari, marketing kompaniyalari, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Ozarbayjon turoperatorlari bilan maydonchalarni faol sotish bo‘yicha ishbilarmonlik uchrashuvlari hamda joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish shartlari bilan tanishish rejalashtirilgan.
AITF-2023 ko‘rgazmasi doirasida kechki ziyofat ham rejalashtirilgan bo‘lib, unda mamlakatimizning turizm salohiyati taqdimoti, Xorazm milliy ansambli san’atkorlari chiqishlari bilan madaniy dastur, xalq amaliy san’ati va milliy taomlar namoyishi o‘rin olgan.
O‘zA