Xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov o‘rtasida video-konferens aloqa orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini kengaytirish va yangi yo‘nalishlarni belgilab olish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Xususan, Toshkent viloyatining tabiiy go‘zal hududlarida zamonaviy tibbiy markazlar tashkil etish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda Bo‘stonliq tumanida inson nafas yo‘llarini sog‘lomlashtirishga ixtisoslashgan markazning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Ushbu maskan toza havosi va qulay sharoitlari bilan aholi e’tiborini tortmoqda. Har kuni 40-50 nafar fuqaro bu yerda salomatligini tiklash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.


Kelgusida bunday markazlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, boshqirdistonlik hamkorlar bilan asalarichilikni rivojlantirish, shifobaxsh giyohlar yetishtirish va fitobarlar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bu loyihalar nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki aholi salomatligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Boshqirdiston rahbari Toshkent viloyati vakillarini Sankt-Peterburg shahrida o‘tkaziladigan nufuzli biznes-anjumaniga taklif etdi. Ushbu tadbir doirasida qator istiqbolli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi ishbilarmonlari O‘zbekistonda tashkil etilgan “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasini yuqori baholaganliklari qayd etildi.


Muloqotda sanoat sohasidagi hamkorlikka ham alohida urg‘u berildi. Xususan, Ufadagi metall konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan Bekobod shahrida yangi zamonaviy ishlab chiqarish korxonasini barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha hududda yangi ish o‘rinlari yaratish va sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, turizmni rivojlantirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Viloyat hokimi yog‘ochdan kottejlar qurish, shuningdek, zarur xom ashyoni Boshqirdistondan olib kelish orqali zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish muhimligini ta’kidladi. Bu esa hududga sayyohlar oqimini yanada oshirishga zamin yaratadi. Shuningdek, sport sohasida ham o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma musobaqalar o‘tkazish va infratuzilmani rivojlantirish borasida hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA