Xalqaro forumda 6 milliard 253 million dollardan ortiq 63 ta investitsiya kelishuvi tuzildi (+video)
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida ilk bor “O‘zbekiston (Surxondaryo)-Xitoy” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Цзиньпиннинг yuksak ishonch va siyosiy irodasi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanmoqda. “O‘zbekiston (Surxondaryo)-Xitoy” xalqaro forumi ham janubiy viloyatning Xitoy hududlari va ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yanada kengaytirishda muhim muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Qadimiy vohaning tarixiy obidalari va arxeologik yodgorliklari bilan tanishuvdan boshlangan anjuman “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi va xalqaro forumning tantanali ochilish marosimiga bog‘lanib ketdi.
Anjumanda Xitoyning 120 dan ortiq kompaniyasidan 350 dan ziyod, 46 ta afg‘on kompaniyasining yuzdan ortiq vakili ishtirok etdi..
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, kimyo, yengil sanoat, qurilish materiallari, tog‘-kon va geologiya, zargarlik hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish, eksport va investitsiya salohiyati namoyish etildi.
Forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekistonning keyingi yillarda olib borayotgan ochiq, pragmatik siyosati davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlik aloqalarini, hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston o‘tmishdagi dovrug‘ini qayta tiklab, Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtirishda muhim koridor vazifasini bajarish yo‘lida dadil odim tashlayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi mutasaddilari investitsiya imkoniyatlari va hamkorlik takliflarini taqdim etdi. Shuningdek, Xitoyning “Jiangsu World Agricultural” va “Anhui Wende Holding Group” kompaniyalari rahbarlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoy va Afg‘oniston hukumati a’zolari bilan uch tomonlama rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Xitoy va Afg‘oniston ishbilarmon doiralari, viloyatning shahar va tuman hokimlari, mahalliy tadbirkorlar B2B va G2B formatlaridagi uchrashuvlarda qatnashdi. Muzokaralarda xorijiy investorlarga hududlardagi tayyor investitsiya loyihalari va mavjud imkoniyatlar taqdim etilib, aniq loyihalar bo‘yicha hamkorlik masalalari kelishib olindi.
– Biz neft va gaz xomashyosini qazib olib, konlarni o‘zlashtiramiz, deydi xitoylik ishbilarmon Cun Xay Myo. – Ayni paytda bizning Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Petromaruz” kompaniyasi bilan hamkorligimiz bor. Tumandagi gaz konlarini o‘zlashtirayapmiz. Kompaniyamiz barcha turdagi tog‘-kon sanoati loyihalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega. Bugun Jarqo‘rg‘on tumani hokimi bilan memorandum imzolab, bu boradagi ishlarni davom ettiramiz. Bizga yaqindan ko‘maklashayotgan viloyat hokimi va boshqa mas’ullardan juda minnatdormiz.
Uchrashuvlar va muzokaralar yakunida qurilish materiallari, tekstil va to‘qimachilik, neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, turizm, ta’lim, qurilish, savdo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlash, dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlarida qiymati 6 milliard 253 million dollardan ortiq 63 ta investitsiya kelishuviga erishildi.
– Bugun “O‘zbekiston (Surxondaryo) Xitoy” xalqaro forumi bejizga Surxondaryo viloyatida va “Termiz xalqaro savdo markazi”da o‘tkazilmayapti. Bu Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi birinchi frizona hisoblanadi,–deydi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direktori Mirhamid Mirpo‘latov. –Xitoylik investorlar bu yerga katta qiziqish bildirdi. Markazdan Xitoy tadbirkorlari bir nechta do‘kon olib, savdo uylarini ochishdi. Endi yirik tadbirkorlar kelib, qiziqishmoqda. Bugun biz Qashqardagi frizona bilan memorandum imzoladik. Ikki frizona o‘rtasida savdo-sotiq kelishuvlariga erishdik. Nasib bo‘lsa, bu frizona O‘zbekistondagi eng rivojlangan, ham arzon markazlardan biri sifatida xalqaro bozorda taniladi. Xitoylik tadbirkorlarga bizga berilgan barcha imtiyozlarni, shart-sharoitlarni aytganimizda juda ham qiziqishi ortdi. Bundan tashqari, bizda afg‘on tadbirkorlari faoliyat yuritadi. Bugun yana ham taniqli tadbirkorlari kelib, Xitoy bilan uchrashuv o‘tkazib, memorandum tuzib, markazimiz orqali Afg‘onistonga Xitoy tovarlarini reeksport qilish masalalarini kelishib oldi.
Mehmonlar uchun qiziqarli madaniy tadbirlar tashkil etildi. Investorlar viloyat tumanlaridagi yirik ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlari, mavjud infratuzilma va investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Bs8nT0qh5Ao" title="Xalqaro forumda 6 milliard 253 million dollardan ortiq 63 ta investitsiya kelishuvi tuzildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri