Xalqaro e’tiroflar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganining tasdig‘idir
Senat yalpi majlisida parlamentlararo hamkorlik va parlament diplomatiyasi rivojlanayotgani hamda buning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Yaqinda Sankt-Peterburg shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasi tadbirlarida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi. MDH makonida 2026-yil “Sog‘liqni saqlash yili” deb e’lon qilingan bo‘lib, mamlakatimiz joriy yilda mazkur sohadagi hamkorlik kengashiga raislik qilmoqda.

Sankt-Peterburgda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamkor davlatlar tomonidan yuqori baholandi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va mavjud salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
– Serbiya Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrif doirasida Prezident Aleksandr Vuchich hamda parlament va hukumat rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi, - dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – A.Vuchichning O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga bergan yuksak bahosi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Serbiya Respublikasi Xalq majlisi bilan parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumining imzolangani o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Belgrad shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning Ayol parlamentariylar global konferensiyasida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish borasida erishilgan natijalar va ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot berildi. Mazkur yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, gender stereotiplariga barham berishga qaratilgan samarali qonunchilik mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar va gender islohotlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanib, keng qo‘llab-quvvatlandi.
Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda ham O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi rahbariyati hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari yuksak e’tirof etildi. O‘zbekiston va XMT o‘rtasida xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish, yangi xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish hamda ekspert-texnik hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 2026 - 2030-yillarga mo‘ljallangan munosib mehnat dasturini imzolashga kelishib olindi.
“Better Cotton” xalqaro tashkiloti va “Better Work” dasturi vakillari bilan xalqaro brendlar hamda investorlar uchun mamlakatimiz jozibadorligini oshirishga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modeli bo‘lib, maqsad – inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar hamda ochiq va pragmatik tashqi siyosat bilan jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashdir.
Norgul Abduraimova, O‘zA