Xalq va davlat uyg‘unligi: yangi buyuk tarixni birgalikda yaratamiz
Har bir xalq tarixida shunday qutlug‘ sanalar bo‘ladiki, ular nafaqat yangi bir davrni boshlab beradi, balki tarix zarvaraqlarini bezab, millatning kelajak yo‘lini yoritadi.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” degan g‘oya davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida inson manfaatlari va uning farovonligi ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yillar davomida odamlarni qiynab kelgan “paxta qulligi”, majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovlari hamda “propiska” masalasi kabi tizimli muammolarga butunlay barham berildi.
Shuningdek, katta va tengdosh avlodimiz bolaligi, o‘quvchilik va talabalik yillari paxta egatlarida o‘tganini, qishloq joylardagi aholi, ayniqsa, xotin-qizlarimizning turmush tarzi faqat paxta yakkahokimligi bilan bog‘lanib qolganini afsus bilan eslaydi. Majburiy mehnatga o‘shanda yosh bolalarning ham jalb etilgani og‘riqli haqiqat edi yoki “propiska” masalasini oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, o‘z Vatanida hadik va erksizlik bilan yashash hech qaysi insoniy va huquqiy mezonga to‘g‘ri kelmas edi. Valyuta konvertatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlar esa mamlakatimizni iqtisodiy qaramlikda ushlab turuvchi asosiy g‘ovlardan biri edi.
Bugun O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatidagi olamshumul tarixiy voqealar tufayli dunyoga keng ochildi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik yubiley to‘yida xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida bugungi ishlar ko‘lamiga baho berar ekan, tarix uchun qisqa bo‘lgan bu davr o‘z mazmun-mohiyati bilan asriy ahamiyatga ega ekaniga alohida urg‘u berdi. Bu– shunchaki siyosiy baho emas, balki millatning o‘z bosib o‘tgan yo‘lini va kelajak maqsadlarini aniq anglashini ko‘rsatuvchi ichki ko‘zgudir. Zero, har qanday mamlakatning kuch-qudrati faqat yer osti boyliklari yoki yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarida emas, balki xalqning o‘z tarixiga, o‘z kuchiga va tanlagan yo‘liga bo‘lgan mustahkam ishonchida namoyon bo‘ladi.
Prezidentimiz tashqi siyosatdagi tub burilishni ta’kidlab, shunday dedi: “Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi”.
Ma’lumki, dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar avj olayotgan bir davrda O‘zbekistonning ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko‘p yillik chegara muammolari hal etildi. Mintaqamiz endi nizolar emas, balki do‘stlik, hamkorlik va hamjihatlik makoni sifatida dunyoga ibrat bo‘lmoqda. Mamlakatni dunyoga keng ochish – yuksak siyosiy jur’at va uzoqni ko‘ra bilishni talab qiladigan strategik qaror edi. Yillar davomida yopiq bo‘lgan mintaqani do‘stlik va hamkorlik makoniga aylantirish oson kechgani yo‘q. Bu, avvalo, ichki islohotlarni jadallashtirishni, iqtisodiyotni erkinlashtirishni hamda qo‘shnilar bilan ochiq muloqot yo‘lini tanlashni taqozo etdi. Natijada O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun mintaqaning barqarorlik va taraqqiyot markazi sifatida e’tirof etilmoqda.
So‘ngi yillardagi tahlillarga nazar tashlasak, ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2–3 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan bo‘lsa, bugungi kunda jalb qilinayotgan chet el sarmoyasi 40–50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilimlar va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, yalpi ichki mahsulot hajmini izchil oshirish orqali O‘zbekistonning daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin olishi ko‘zda tutilgan. Bu darajadagi yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishilayotganini har bir fuqaro qalban his etmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, so‘nggi yillarda 650 mingdan ziyod oilaning yangi uy-joyga ega bo‘lgani har bir inson manfaati va ijtimoiy himoyasi amalda kafolatlanayotganligidan dalolat beradi.
Eng chekka va chegara hududlardagi qishloq va mahallalarimizga ham Yangi O‘zbekistonning bahoriy nafasi va yangicha qiyofasi kirib bormoqda. Birgina misol: Surxondaryo viloyatining eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Oltinsoy tumanidagi Mo‘minqul mahallasi tubdan yangilanib, ko‘chalari tekislandi va asfaltlandi. Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar bartaraf etildi. Ko‘chalarga yoritish chiroqlari o‘rnatilib, aholi uchun tibbiy va madaniy-maishiy xizmatlar namunali yo‘lga qo‘yildi.
Shu bois yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutlaqo yangi – “O‘zbekiston tajribasi” yaratildi. Kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan bugungi kunga kelib 4 foizga tushgani aniq va inkor etib bo‘lmaydigan faktdir. Ehtiyojmand oilalarning daromadini oshirish, kasbga o‘qitish, salomatligini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan “mahallabay” ishlash tizimi o‘z samarasini berdi – 10 milliondan ortiq insonning turmush sharoiti yaxshilandi.
Sohadagi islohotlar ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Oxirgi yillarda aholimiz 8 million nafarga ko‘paygan bo‘lsa-da, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazildi, maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Eng quvonarlisi, talabalarning 50 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Zero, qizlarimiz bilimli bo‘lsa, oila ma’rifatli bo‘ladi, ma’rifatli oila esa mustahkam va rivojlangan jamiyatning poydevoridir.
Shu bilan birga, aholi genofondini saqlash va inson kapitalini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida go‘daklar va onalar o‘limi 4 baravarga kamaydi. Xalqimizning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ilgarigi 66,4 yoshdan 75,4 yoshga yetdi. Bu, fuqarolarimizning o‘rtacha umri 9 yilga uzayganini anglatadi.
Bugun yurtimizdagi tadbirkorlarning 35 foizini, ya’ni har uchtadan birini yoshlar tashkil etmoqda. Yoshlarimiz millatni birlashtiruvchi buyuk kuch sifatida xalqaro maydonlarda ham yuqori marralarni egallamoqda. Xususan, tariximizda ilk bor futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani butun xalqimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
Bugun erishilayotgan ulkan o‘zgarishlarning haqiqiy egasi va ijodkori sifatida davlat tizimi emas, aynan fidoyi, mehnatkash va olijanob xalqimiz e’tirof etildi. Mana shu nuqtada "Xalq va davlat uyg‘unligi" tushunchasining aslida qanchalik hayotiy va muhim ekani ayon bo‘ladi. Davlat – xalqqa xizmat qiluvchi vosita, xalq esa – taraqqiyotning asl manbai va yagona mezonidir.
Mamlakatning ravnaqi puxta o‘ylangan strategik dasturlarga va ularning xalq tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq. Mustaqillik yillarida bosqichma-bosqich “O‘zbek modeli”, “Harakatlar strategiyasi”, “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi” hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi. Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz”.
Ushbu ezgu maqsadda yurtimizda inson qadrini yuksaltiradigan “Yuksalishning yetti milliy dasturi” hayotga tatbiq etilmoqda. Bu – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiquvchi yaxlit strategik tizim hamda Uchinchi Renessans poydevorini qurishning aniq yo‘l xaritasidir.
Birinchi milliy dastur – bilim va malakani asosiy kapitalga aylantirish, ikkinchi milliy dastur – xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash, uchinchi milliy dasturda iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish maqsadlari belgilandi. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 2030-yilgacha YAIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazish hamda kichik va o‘rta biznesni yirik korporatsiyalarga aylantirishni rag‘batlantiruvchi moliyaviy-huquqiy mexanizmlarni yaratish belgilangan.
To‘rtinchi milliy dastur esa suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish maqsadlari bilan bog‘liq. Beshinchi milliy dastur – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish, “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini mustahkam himoya qilishga qaratilgan 9 ta muhim vazifani qamrab oladi.
Mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish esa oltinchi milliy dasturda o‘z aksini topdi. Tuman byudjeti, investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalari bevosita mahalla buyurtmasi va aholi ehtiyojlari asosida shakllantiriladi.
Yettinchi milliy dastur – tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan. Bunda ichki hamjihatlik, milliy o‘zlik va ijtimoiy jipslikni saqlash bosh kafolat sifatida belgilangan. Shuningdek, mamlakatimizning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi global miqyosdagi nufuzimizni yanada oshiradi.
Ushbu milliy dasturlarni amalga oshirishda xalq va davlat yagona maqsad atrofida birlashishi shart. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz. Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi. Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!”
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi.
O‘zA