Xalq sogʻligi – eng oliy neʼmat!
Barchaga maʼlumki, erishayotgan har bir yutugʻimizda, amalga oshirayotgan ezgu tadbirlarimizda albatta, sogʻliqni saqlash xodimlarining oʻz oʻrni, mavqei bor.
Barchaga maʼlumki, erishayotgan har bir yutugʻimizda, amalga oshirayotgan ezgu tadbirlarimizda albatta, sogʻliqni saqlash xodimlarining oʻz oʻrni, mavqei bor. Bu esa hozirgi pandemiya davrida yana-da yaqqolroq oʻz aksini topdi desak xato boʻlmaydi.
Shu boisdan ham mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning toʻliq va mukammal tizimini yaratish, yurtdoshlarimiz tibbiyot markazlari va shifoxonlarda xorijga chiqmasdan davolanishlari uchun kerakli barcha sharoitlarni yaratish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tibbiyot tizimini yana-da tartibga solish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida 200 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari 1,5 barobarga oshirildi.
Tibbiy oliy oʻquv yurtlari va xorijdagi nufuzli tibbiy-ilmiy taʼlim muassasalari hamkorligida 20 ta xalqaro fakultet ochildi.
Ayni paytda tibbiyot sohasidagi 8 ta oliy taʼlim muassasalari va ularning 4 ta filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, 1650 ta xususiy shifoxonalar ochilib, ularning soni 5400 taga yetdi.
Rossiya, AQSH, Germaniya, Hindiston, Turkiya kabi qator xorijiy davlatlar (investitsiyasi) investorlari bilan hamkorlikda 100 dan ortiq zamonaviy shifoxonalar tashkil etildi.
Bugungi kunda chekka hududlarda yangi ochilgan 800 yaqin Qishloq oilaviy poliklinikalarda ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, tez tibbiy yordam shoxobchalari va ijtimoiy dorixonalar tashkil etildi.
Bundan tashqari, 27 ta tuman-shahar namunali holatga keltirildi. 1850 taga yaqin “Tez yordam” avtotransporti xarid qilindi.
Ayniqsa, sogʻlom avlod tugʻilishiga erishish, shuningdek, genofondni mukammal sogʻlomlashtirish hamda fuqarolarimizning oʻrtacha yashash umrini uzaytirishga erishish borasida olib borilgan ishlar natijasida Oʻzbekistondagi oʻrtacha yashash umri 73,7 dan 74,6 ga uzayganligi, onalar oʻlimi koʻrsatkichi 20,1 dan 19,1 ga va goʻdaklar oʻlimi koʻrsatkich 11,5 dan 8,5 ga kamayganligini alohida taʼkidlash lozim.
Bu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, sohani yana-da isloh qilish borasida bir qator ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Hozirgi kunda oldimizda turgan vazifalardan eng muhimi, 2020-2025-yillar davomida majburiy tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish, tibbiyotda moliyalashtirish tizimini tubdan isloh qilish.
Ushbu jarayon 2021-yildan Sirdaryo viloyatida joriy etiladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda tibbiyot sohasiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu sohani bosqichma-bosqich takomillashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilangan. Bugungi pandemiya vaqtida hamyurtlarimiz tibbiyot zahmatkashlarining olib borayotgan mardonavor ishlariga tasannolar aytmoqdalar. Boisi barchamizga ayonki, ular koronavirus kasalligiga chalingan yurtdoshlarimiz salomatligini tiklash yoʻlida kechayu kunduz tinim bilmay mehnat qilmoqdalar. Ularning sharafli mehnatlari hamisha Yurtboshimiz tomonidan yuksak baholab kelingan.
Baxrom Raxmonaliyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi