“Xalq nazorati” elektron platformasi ishga tushadi
Buxoroda raqamlashtirilgan tizim – “Xalq nazorati” elektron platformasini ishga tushirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari Raqamli rivojlanish departamenti rahbari Aleksey Xen ma’ruza qildi.
Yig‘ilishda, dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning konsepsiyalari, loyiha va texnik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli yo‘nalishlardagi axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarga xizmat ko‘rsatish, shahar va tumanlar xizmatlarining raqamli ma’lumotlarini birxillashtirish va tashkilotlarning axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarida yagona identifikator va tasniflagichlarni joriy qilish hamda ulardan foydalanish xususida so‘z bordi.

Bu borada viloyat hokimi qaroriga muvofiq ishchi guruhi tuzilgan va shahar va tumanlardagi 516 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari, tegishli mas’ul tashkilot va idoralarda axborot integratsiyalashuviga doir boshlangan chora-tadbirlar samaradorligiga e’tibor qaratiladi.
Yig‘ilishda dasturning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, viloyat shahar va tumanlari axborot tizimlarida ma’lumotlarning himoyasi va saqlanishini ta’minlash bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etishga doir mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan viloyatda “Xalq nazorati” elektron platformasini ishga tushirish bilan bog‘liq texnik jihatlar, mazkur kompleks dasturni amalga oshirishda tegishli mobil ilova orqali bu tizimdan xabardor bo‘lish, murojaat yo‘llashga doir tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.