Xalq diplomatiyasining tirik yodgorligi
Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi g‘oyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini o‘zida ifodalagan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz mintaqada yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirishda mustahkam tayanch bo‘lmoqda. Ayniqsa, keyingi o‘n yil davomida kechayotgan yangilanish jarayonlari jahonning turli davlatlari bilan o‘zaro manfaatli, hurmat va ishonchga asoslangan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari 1776-yil 4-iyul kuni Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishi bilan tashkil topgan. 4-iyul sanasi AQSH Mustaqilligi kuni sanaladi. Ushbu davlat tashkil topganiga 250 yil to‘ldi. Ayni paytda ushbu davlatning Sietl shahrida “Toshkent” bog‘ining barpo etilganiga 55 yil to‘ldi.
Sietldagi «Toshkent» bog‘i, 55 yillik do‘stlik, 35 yillik mustaqillik va 250 yillik hamkorlik ruhi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining maslahatchisi Tursunali Qo‘ziyev quyidagi fikrlarni bildirdi:
– 2026-yil uch muhim tarixiy sana bilan ahamiyatli. Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z davlatchiligining 250 yilligini nishonlamoqda. Yangi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini katta yutuqlar bilan qarshi olmoqda. Shu bilan birga, bundan 55 yil muqaddam AQSHning Sietl shahrida barpo etilgan «Toshkent» bog‘i ham tarixiy sanasini nishonlamoqda.
Bir qarashda bu sanalar bir-biriga bog‘liq emasdek ko‘rinadi. Aslida esa ularni birlashtirib turadigan chuqur ma’no bor. Bu - xalqlar o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro hurmat va madaniy diplomatiya g‘oyasi.
Sietldagi «Toshkent» bog‘i ikki shahar tarixi emas. U insoniyat tarixida madaniyat, ilm-fan va san’at siyosatdan ham ustun kela olishini isbotlagan noyob voqeadir.
E’tiborlisi shundaki, bu tarix aslida ilm ahli tomonidan boshlangan edi.

1960-yillarda Vashington universiteti bilan Toshkent ilmiy muassasalari o‘rtasida akademik aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bu munosabatlarning rivojida o‘zbek tili va madaniyatining fidoyi tadqiqotchisi professor Ilze Sirtautacning xizmati beqiyos bo‘ldi. Ilze Sirtautac nainki o‘zbek tilini mukammal egalladi, balki uni Amerika akademik muhitiga olib kirgan ilk olimlardan biri bo‘ldi.

1971-yilda Sietl shahriga tashrif buyurgan Toshkent vakillari ikki shahar munosabatlarida yangi sahifa ochib, bu o‘z navbatida Sietl va Toshkent AQSH hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi birinchi rasmiy qardosh shaharlarga aylandi.
1974-yil iyul oyida Sietl shahrida «Toshkent» bog‘i tantanali ravishda ochildi. Bu Amerikada Markaziy Osiyodagi shahar sharafiga tashkil etilgan ilk jamoat bog‘laridan biri bo‘lib, xalq diplomatiyasining betakror ramziga aylandi.
1988-yilda esa ushbu do‘stlikka munosib javob sifatida Toshkentda Sietl bog‘i barpo etildi. AQSHning turli shtatlaridan ikki yuzga yaqin ko‘ngilli Toshkentga kelib, o‘zbek do‘stlari bilan yelkama-yelka ishladi.

Bog‘ning markaziga amerikalik mashhur haykaltarosh Richard Beyerning «Life, Love, Time and Game» haykali o‘rnatildi.
Yana bir noyob tashabbus — «Toshkent uchun 10 000 ta keramik plitka» loyihasi edi. Minglab amerikalik maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar va Sietl aholisi o‘z qo‘llari bilan bezagan keramik plitkalar Toshkentga keltirilib, bog‘ning badiiy qiyofasini yaratdi.
Amerikalik ko‘ngillilar AQSHning barcha ellik shtati hududidan toshlar olib kelib, ularni Toshkent tuprog‘i bilan birga «Yer tepaligi» poydevoriga joylashtirdilar.

Bu butun insoniyat va kelajak avlodlarga yo‘llangan ramziy murojaat bo‘lgan edi. Yurtlar , jamiyatlar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo Yer sayyorasi bitta. Madaniyatlar turlicha bo‘lishi tabiiy, ammo insoniy qadriyatlar mushtarakdir.
Mustaqillik yillarida ushbu ezgu an’ana yangi mazmun bilan boyidi. Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning muhim strategik sheriklaridan biridir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq tashqi siyosat natijasida ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy munosabatlar bilan bir qatorda madaniy-gumanitar hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlatlardan biri sifatida mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yuksak qadrlab kelmoqda. Bu, ayniqsa, madaniy merosni asrash sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Amerikalik arxeologlar va universitetlar o‘zbekistonlik olimlar bilan birgalikda qadimiy shaharlar va arxeologik yodgorliklarni tadqiq etmoqda.
Langar masjidini konservatsiya qilish, Kampirtepa arxeologik majmuasini saqlash va tadqiq etish, Sherdor madrasasi peshtoqidagi noyob koshinlarni konservatsiya qilish, muzey fondlaridagi qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish, Qoraqalpog‘istondagi “Mizdahqan” majmuasidagi obidalarni ta’mirlash kabi loyihalar AQSH Elchisining madaniy merosni saqlash jamg‘armasi va Amerika ilmiy muassasalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning noyob madaniy merosi AQSH muzeylari va universitetlarida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalar, ilmiy anjumanlar va madaniy dasturlar orqali Amerika jamoatchiligiga keng tanitilmoqda. Bu esa yarim asr avval boshlangan xalq diplomatiyasi bugun ham hayotbaxsh ekanining amaliy tasdig‘idir.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy muloqotning yana bir go‘zal timsolini Yaponiyada ham ko‘rish mumkin. Tokio shahridagi Soka universiteti sakura xiyobonida jahon adabiyotining ikki buyuk namoyandasi — Alisher Navoiy va Uolt Uitmen haykallari bir-biriga ro‘para qilib o‘rnatilgan. Go‘yo ular ikki qit’a va ikki sivilizatsiya nomidan bir-birini qarshi olayotgandek. Bu haykallar bizga haqiqiy she’riyat va gumanizm davlat chegaralarini tan olmasligini eslatadi.
Tokiodagi Navoiy va Uitmen, Sietldagi «Toshkent» bog‘i, Toshkentdagi Sietl bog‘i — bularning barchasi bir ezgu g‘oyaning turli qit’alardagi ifodasi. Ular madaniyat va san’at davlatlar o‘rtasidagi eng mustahkam ko‘priklarni qurishga qodir ekanini namoyon etadi.

Ular bizga bir haqiqatni eslatadi: xalqlar o‘rtasidagi haqiqiy ko‘priklar beton va po‘latdan emas, balki ishonch, o‘zaro hurmat, san’at, madaniyat, ilm-fan va umumiy tarixiy xotiradan quriladi.
Bugun AQSH davlatchiligining 250 yilligi, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi va Sietldagi «Toshkent» bog‘ining 55 yilligi nishonlanayotgan pallada ushbu g‘oya har qachongidan ham dolzarb. Bu yubileylar bizga davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar rasmiy hujjatlar bilan boshlanishi mumkinligini, ammo ularning haqiqiy mustahkamligi insonlar qalbida, madaniyat, ta’lim, ilm-fan va san’at orqali qaror topishini yana bir bor eslatadi.
Yarim asr avval Sietlda ekilgan do‘stlik urug‘i bugun O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikning mustahkam daraxtiga aylanib bormoqda. Uning ildizlari xalq diplomatiyasida, tanasi o‘zaro ishonchda, mevasi esa tinchlik, taraqqiyot va kelajak avlodlar manfaatlariga xizmat qiladigan hamkorlikda.
Do‘stlikka, birodarlikka, ilm-ma’rifatga intilgan qalblar qurgan ana shunday ko‘priklar vaqt sinovidan o‘tadi. Chunki ular inson qo‘li bilan emas, inson qalbi bilan barpo etiladi.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.