Xalq dardiga quloq tutilgan yurtda islohotlar bardavom bo‘ladi
So‘nggi yillarda yurtimizda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar Yangi O‘zbekiston g‘oyasini amaliy voqelikka aylantirmoqda.
Mamlakat taraqqiyotining bosh g‘oyasiga aylangan inson qadrini ulug‘lash tamoyili endi shunchaki da’vat emas — u davlat siyosati va jamiyat hayotining bosh yo‘nalishiga aylandi. Zero, inson qadri ulug‘langan joyda adolat qaror topadi, adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatda esa taraqqiyotning ildizlari mustahkam bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan fikrlar bugungi islohotlar ruhini yanada oydinlashtirdi. Unda ta’kidlanganidek, oldimizga qo‘yilgan yuksak maqsadlarga faqat xalq bilan yelkama-yelka turib, uning dardu tashvishlarini o‘z qalbimizdan o‘tkazib harakat qilgandagina erishish mumkin. Chunki tajribali mahalla faollari, nuroniylar, g‘ayratli yoshlar, tashabbuskor tadbirkorlar va fidoyi ziyolilar birlashgan joyda taraqqiyot shunchaki reja emas, balki hayot qonuniyatiga aylanadi.

Ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi sifatida ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi bugun jamiyat va davlat o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlayotgan muhim omillardan biriga aylanmoqda. Ushbu dastur doirasida kambag‘allikka qarshi kurashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash ishlariga tadbirkorlik salohiyatining jalb etilishi alohida ahamiyatga ega. Bu nafaqat iqtisodiy faollikni oshiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonch, hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlaydi. Biznesning faqat foyda manbai emas, balki ijtimoiy mas’uliyat sohibi sifatida namoyon bo‘layotgani esa yangi taraqqiyot madaniyatini shakllantirayotganini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda shakllangan mutlaqo yangi ish uslubi — uyma-uy yurish, inson bilan yuzma-yuz muloqot qilish, muammoni joyida hal etish amaliyoti islohotlarning eng hayotiy va ta’sirchan mexanizmiga aylandi. Chunki qog‘oz orqali emas, dil orqali qilingan muloqot inson qalbiga yo‘l topadi. Yuzma-yuz suhbat jarayonida muammoning faqat tashqi ko‘rinishi emas, balki uning ildizi, og‘rig‘i va sababi anglashiladi. Shu bois bunday muloqotlar nafaqat muammolarni hal qiladi, balki odamlarda davlat siyosatiga nisbatan ishonchni ham mustahkamlaydi.
Amaliyot esa bu fikrlarning eng ishonchli isbotidir. Zarbdor tumanida istiqomat qiluvchi Safar Shoyibekovning nogironlik aravachasiga bo‘lgan ehtiyoji qisqa fursatda hal etilgani, boquvchisini yo‘qotgan Iroda Jumanovaning ijtimoiy muammolari joyida bartaraf etilgani bu shunchaki fakt emas. Bu inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik, uning dardini o‘z dardidek his qilish madaniyati shakllanayotganining yorqin ifodasidir.

Shuningdek, yillar davomida ta’mirtalab holda qolib ketgan yo‘llarning qisqa muddatda qayta tiklanayotgani ham mas’uliyat va tashabbus birlashganda qanday natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Zarbdor tumanidagi 7 kilometrlik avtomobil yo‘lining ta’mirlanishi bu odamlarning turmush sifati yaxshilanishi, ularning kundalik hayotiga qulaylik kirib kelishi demakdir. Bu esa bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: muammoni hal etishning birinchi qadami unga befarq bo‘lmaslikdir.
Statistik ma’lumotlar ham bu jarayonlar samarasini aniq raqamlarda namoyon etmoqda. Xususan, Jizzax viloyatida 2024-yilda Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga 53 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 42 ming 393 tani tashkil etdi. Qariyb 20 foizlik kamayish bu shunchaki raqam emas. Bu joylarda muammolarni hal etish tizimi tobora samarali ishlayotgani, odamlar o‘z muammosiga joyida yechim topa boshlaganining amaliy ifodasidir.
Biroq erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish islohotlar ruhiga zid. Chunki hali-hamon ayrim joylarda murojaatlarga rasmiyatchilik bilan yondashish, “nazoratga olindi” yoki “kelgusi dasturga kiritildi” kabi umumiy javoblar bilan cheklanish holatlari uchrab turibdi. Bunday yondashuv ortida inson dardi soya ostida qolib ketmasligi kerak.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilanayotgan ustuvor vazifalar, jumladan, jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish kabi muhim yo‘nalishlar ham joylarda aynan shu mas’uliyat va fidoyilik bilan amalga oshirilgan taqdirdagina o‘z samarasini beradi. Zero, har qanday islohotning qadri uning inson manfaatiga qanchalik xizmat qilayotgani bilan o‘lchanadi.
Eng muhimi, bugun odamlar dunyoqarashida tub burilish yuz bermoqda. Xalqimiz islohotlar quruq gap emasligiga, ular ortida haqiqiy g‘amxo‘rlik va bunyodkorlik turganiga ishona boshladi. Bu ishonch esa har qanday taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchidir.
Erkin XOLMATOV,
O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi
O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA