Xalq bilan muloqot — xalqchil siyosat samarasi
Joylarda mutasaddilar va xalq vakillarining aholi bilan uchrashuvlari, hududlardagi o‘rganishlari odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish va hal etishda muhim o‘rin tutadi.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining ham har oyda o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholi vakillari bilan muloqot qilish amaliyoti samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Qonunchilik palatasi deputatlari ayni kunlarda ham o‘zi saylangan okruglarda bo‘lib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilishmoqda, uchrashuvlar o‘tkazmoqda, odamlarni qanday masala va muammolar qiynayotgani bilan qiziqishmoqda.
Xususan, parlament quyi palatasi deputati O‘rol O‘rozboyev Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanidagi “Qangli”, “Nurafshon”, “Yoyilma”, “Tokchilik”, “Ravallik” hamda “Yakkaqayrag‘och” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Deputat dastlab aholiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqidagi eng muhim tamoyillar — “Inson qadri uchun”, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari”, “Inson – jamiyat – davlat”, “Xomashyodan – tayyor mahsulotgacha”, “Biz dunyoga, dunyo bizga ochiq bo‘lishi kerak”, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi haqida kengroq tushuntirishlar berdi.
Qonun ijodkorligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining eng muhim, birinchi galdagi faoliyatidir. Deputat uchrashuvlar davomida bu borada ham ma’lumotlar berdi. Ta’kidlanganidek, 2021 yil 9 oyi davomida 117 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan. Shundan 51 tasi alohida qonun sifatida, 33 tasi 10 ta qonunga birlashtirilib, jamlanma qonunlar tariqasida, 4 tasi xalqaro shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonun sifatida qabul qilingan. Hududlar nomi va chegaralari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 3 ta qaror qabul qilingan.

Muloqotlarda xalq vakili aholi bilan dildan suhbatlashib, ularni o‘ylantirayotgan masalalar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar bilan qiziqdi. Ushbu jarayonda ayrim masalalar joyida hal etildi, ayrimlari nazoratga olindi. Uchrashuvlarda turli darajada hal etilishi lozim bo‘lgan yuzga yaqin masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Deputatning hududdagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA