Xalq bilan birga muammolarga yechim sari
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Navbahor tumanining Yangi kuch, Yaltirabot va Qizilrabot mahallalari aholisi uchun mobil shtabning sayyor qabuli tashkil etildi.
Fuqarolarning dardu tashvishlarini tinglash, ularni joyida o‘rganish hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy yechim topish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda tuman korxona va tashkilotlar mutasaddilari, mahalliy Kengash deputatlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Qabul davomida aholidan 50 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Ularning 41 tasi joyida ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar esa huquqiy jihatdan o‘rganish va amaliy choralar ko‘rish uchun tegishli tashkilotlar nazoratiga olindi.

Murojaatlarning asosiy qismi ichki yo‘llarni ta’mirlash va qurish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, suyultirilgan gaz yetkazib berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash masalalari xususida bo‘ldi. Shu bilan birga, elektr ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyatini takomillashtirish hamda aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga oid taklif va murojaatlar ham bildirildi.
Sayyor qabul davomida har bir murojaat e’tibor bilan tinglanib, mutaxassislar tomonidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha joyning o‘zida mas’ullarga aniq topshiriqlar yuklatilib, ijro muddatlari belgilab olindi.

– Sayyor qabulda ishtirok etib, qishlog‘imiz ichki yo‘llari va Hujum qishlog‘i qabristoniga boradigan yo‘lni shag‘allashtirish masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qildim, – deydi Yaltirobod mahallasida yashovchi Toshtemir Jo‘rayev. – Chunki yog‘in-sochinli kunlarda yo‘llarimiz loy, yozda esa chang bo‘lib ketadi. Bu esa aholimizga bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Mutasaddilar murojaatimni tinglab, albatta, yordam berishini, tez kunlarda qabristonga boradigan yo‘lga shag‘al tashlab berishlarini va’da berdi. Ijrosini esa mahalla raisimiz va deputatlarimiz nazoratga olishini aytishdi.
Ta’kidlanganidek, “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar aholining hayotiy muammolarini joyida o‘rganish, ularni tezkor hal etish hamda xalq manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tomonidan bunday sayyor qabullar kelgusida ham izchil davom ettirilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topish va hududlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri